Energetika bozorini tartibga solishda xorij tajribasi qanday o‘rin egallaydi?

196

Energetika bozorini samarali tartibga solish va strategik boshqaruv tizimini takomillashtirishda xalqaro tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda rivojlangan mamlakatlarning energiya bozorini boshqarishdagi mexanizmlari va regulyatorlik amaliyotidan o‘rganish sektorni modernizatsiya qilishga yordam beradi.

O‘zbekistonda ham energetika bozorini rivojlantirish, narx-navo shakllantirish tizimini takomillashtirish va sohadagi raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida xalqaro tajribadan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan “Elektr energetikasi sohasini tartibga solishda yetakchilik va strategik boshqaruv” mavzusidagi tadbir mahalliy mutaxassislar uchun xalqaro tajribani o‘rganishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi va Energetikani tartibga soluvchilar mintaqaviy assotsiatsiyasi (ERRA) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda agentlik xodimlari, elektr energetikasi korxonalarining mas’ul mutaxassislari, xalqaro moliyaviy tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Unda Energetikani tartibga soluvchilar mintaqaviy assotsiatsiyasi raisi Adriyana Nelkova-Chuchuk, Armaniston Davlat xizmatlarini tartibga solish komissiyasi (PSRC) komissari Sergey Agxinyan kabi xalqaro ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashyapti.

Qayd etilganidek, elektr energetikasini tartibga solish va strategik boshqarishni takomillashtirishda xalqaro tajribani o‘rganish muhim hisoblanadi. Shunga asosan tashkil etilgan tadbir mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishda xorijiy davlatlarning bu borada erishgan yutuqlarini o‘rganish imkoniyatini yaratadi.

– Xalqaro amaliyotdan ma’lumki, energetika bozorini tartibga solishda shaffoflik, bozor mexanizmlarini takomillashtirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, rivojlangan davlatlarda tarif siyosatini samarali yo‘lga qo‘yish, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish va uzluksiz ta’minotni ta’minlash kabi yo‘nalishlar ustuvor hisoblanadi. O‘zbekiston ham xalqaro tajribadan kelib chiqib, energetika sohasidagi tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga e’tibor qaratmoqda. Bu jarayonda bozorning raqobatbardoshligini oshirish, innovatsion texnologiyalardan foydalanish va strategik boshqaruvni kuchaytirish talab etiladi. Xalqaro hamkorlik esa sohadagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda asosiy omillardandir. Bugungi tadbir mahalliy ishtirokchilarning aynan shu masalada nazariy va amaliy bilimini boyitishda qo‘l keladi, – dedi agentlik matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev.

Uch kun davom etadigan tadbirda energetika bozorini tartibga solish mexanizmlari, elektr energiyasi narxlarini shakllantirish, bozorda raqobat muhitini rivojlantirish va strategik boshqaruv masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, ishtirokchilar xalqaro tajriba asosida sohadagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA