Yangi parlament bilan 100 kun: tahlil va sarhisob
Bugun, 26 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibda ish boshlaganiga 100 kun to‘ldi.
Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida parlament quyi palatasi faoliyati qanday kechdi? Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida ilgari surilgan qator taklif va tashabbuslar ijrosi qay darajada bajarilmoqda? Yangi tarkib deputatlar faoliyatida o‘sish, jonlanish kuzatilyaptimi? Qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyatida qanday natijalarga erishilmoqda?
Avvalo, shuni qayd etish lozimki, 2024 yilgi saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi. Deputatlarning 11 nafari – 7,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Jumladan, ilk bor Yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi.
Ayniqsa, deputatlarning 38 foizi yoki 57 nafarini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi. Bu esa xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani, jamiyat rivojidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, parlament tarixida ilk bor nogironligi bo‘lgan fuqaro Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu esa Prezidentimiz qayd etganidek, parlamentimizni tom ma’noda inklyuziv organga aylantirib, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish imkonini beradi.

Ma’lumki, o‘tgan saylov birinchi marotaba aralash tizim asosida o‘tkazilib, 75 nafar deputat ilk bor partiyaviy ro‘yxatlar asosida saylandi. Bu esa siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini mustahkamlash, partiyaviy g‘oya va maqsadlar ustuvorligini ta’minlashga, ularning parlamentdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qildi.
Qonunchilik palatasining Kengashi qarori bilan palata ishini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Harakatlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda 8 ta ustuvor vazifa aks etgan bo‘lib, shu asosda faoliyat olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida “Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak”, deya alohida qayd etgan edi.
100 kunlik faoliyat davomida fraksiya va qo‘mitalar yig‘ilishlarida, Qonunchilik palatasining majlislarida ommaviy axborot vositasi vakili sifatida ishtirok etib, shunga guvoh bo‘lyapmizki, hech bir masala shunchaki ko‘rilmayapti, e’tiborsizlarcha ma’qullanmayapti – qizg‘in bahs-munozara, tortishuv, fikr-mulohazalar asosida muhokama qilinyapti, qarama-qarshi fikrlar bildirilmoqda, hukumat vakillari oldiga o‘tkir savol va e’tirozlar ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Amaliyotdan kelib chiqib, hayotiy taklif-tavsiyalar ilgari surilmoqda. Bir nechta qonun loyihalari turli e’tiroz va savollar vajidan mas’ul qo‘mitalarga qaytarildi.
Prezident o‘z nutqida qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligini alohida ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, xalq vakillari har bir qonun loyihasining bahsli jarayonlarida ushbu omilga e’tibor qaratib, xalq manfaatlarini ifoda etishga intilmoqda. “Amaliyotda qanday ediyu, qonun qabul qilinsa, nima o‘zgaradi, qanday yengillik bo‘ladi?”, degan savollar atrofida munosabat bildirishga harakat qilmoqda. Har bir qonun loyihasi bo‘yicha, shu bilan birga, mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy jarayonlar yuzasidan xalq vakillarining munosabati tezkorlik bilan bayon qilinmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan tashabbus qilingan“O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 10 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Jamoatchilik muhokamasi jarayonida aholidan 400 dan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi. 270 dan ortig‘i Konsepsiya loyihasi yuzasidan ijobiy fikrga asoslangan. Yurtimizdagi 16 ta konfessiya vakillari ishtirokida konsepsiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etilib, konfessiyalar vakillarining fikrlari olindi. Davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan mazkur Konsepsiya yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlararo totuvlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Endi 100 kunlik raqamlarga to‘xtalsak: shu paytgacha Qonunchilik palatasining 23 ta yalpi majlisi o‘tkazildi. Unda 48 ta qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi. Saylov okruglarida 823 ta uchrashuv o‘tkazildi. Qonunchilik palatasi Kengashi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarning 300 dan ortiq turli formatdagi tadbirlari o‘tkazildi. Muhim masala va muammolarga oid 42 ta deputat so‘rovi yuborildi. 1 ming 600 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Muammolarni hal etish samaradorligi oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqot kuchaytirildi. Quyi palatadagi 12 ta qo‘mita o‘rnida 10 ta yangilangan qo‘mita tashkil qilindi. Deputatlar joylarda aniqlagan muammolarni tez va samarali hal qilish maqsadida hukumat, vazirlik va idoralar bilan Qonunchilik palatasi qo‘mitalari o‘rtasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Yangi komissiyalar – Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiya, Qonunchilik palatasining Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil“ iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiya, Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha komissiyasi tuzildi.
Prezident nutqida ilgari surilgan masala – “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining joylardagi ijrosi o‘rganilmoqda. O‘zbekistonning tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati saylovchilarga yetkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida shunday degan edi: “deputatning ovozi – bu xalq ovozi ekanini hech qachon unutmasligimiz zarur. Yurt taqdiriga daxldor har bir masalaga yondashuvda avvalo, sizlarga ishongan, sizlarga o‘z nomidan qonun qabul qilish, qaror chiqarish huquqini bergan mehnatkash, bag‘rikeng va olijanob xalqimizni ko‘z oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarning tinchligi va baxt-saodatini o‘ylab ish tutsangiz, el-yurtimiz ham, yaratgan Parvardigor ham sizlardan rozi bo‘ladi”.
Darhaqiqat, bugun yangilangan parlamentning har jabhadagi faoliyati e’tiborga molik. Jonli bahs-munozara va tortishuvlar asosida o‘tayotgan majlislarda xalqimizni rozi qilishga qaratilgan masalalar hal etilmoqda. Xalq nomidan so‘z yuritish imkoniga ega noiblar ularning manfaatlarini himoyalash ilinjida tinim bilishmayapti. Yangi tarkibning ilk faoliyat kunlaridanoq o‘z fikri, o‘tkir tashabbus va takliflari bilan ko‘zga ko‘ringan, jonkuyar deputatlarning ko‘pligi parlamentimiz rivoji hamda xalqimiz farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, xalq vakili degan nomga munosiblik bedorlikni, faollik va tashabbuskorlikni talab etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA