“Oltin qalam” tanlovida yangi nominatsiya tashkil etilmoqda

203

Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi farmoni bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etilgan edi.

Ushbu farmon bilan Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi va Jamoat fondi oldiga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan yangicha tizimda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan.

Yig‘ilishda Jamoat fondining 2024 yildagi faoliyati tahlil etilib, joriy yildagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, joriy yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangicha tizimi joriy etilmoqda. Masalan, Parlament komissiyasi a’zolari va Jamoat fondi vakillaridan iborat ishchi guruhning hududlarga borib, aholi bilan muloqotlar tashkil etgan holda ularning ehtiyojlarini o‘rganib, muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan tanlovlarni e’lon qilish rejalashtirilmoqda.

Tanlovlarning ochiqligi va jarayonlarning tezkorligini ta’minlash maqsadida esa davlat ijtimoiy buyurtmasi va grantlarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlar ngo.gov.uz yagona elektron platformasida amalga oshiriladi.

Endilikda, ushbu platforma orqali nomzod tashkilotning loyihani topshirishi, Parlament komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish va baholash jarayonlarini kuzatib borish, muhokamalarda esa bevosita ishtirok etish imkoniyati ham mavjud.

Shuningdek, 2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida mehnatga haq to‘lash bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga, 2025 yil 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdori ikki baravarga kamaytirildi. Jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi alohida bo‘linmalari tashkil etildi. “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti, an’anaviy “Oltin qalam” tanlovida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida yangi nominatsiya tashkil etilmoqda.

Yig‘ilish yakunida Parlament komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator dasturlar qabul qilindi.

N.Rahmonova, O‘zA