Mashinani ishonchnoma asosida boshqargan shaxs qoida buzsa, ball haydovchiga hisoblanadimi yoki mashina egasiga? (+video)

179

AOKAda Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi (Tez orada qonun bo‘yicha alohida material e’lon qilinadi).

Qayd etilishicha, jarima ballari 12 balldan oshsa, haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

O‘zA muxbiri mas’ullardan mashinani ishonchnoma asosida boshqargan shaxs qoida buzsa, ball kimga hisoblanishini so‘radi.

— YPX inspektorlari rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar yuzasidan ball hisoblanadi. Bu degani mashinani ishonchnoma bilan boshqargan shaxs huquqbuzar hisoblanadi. O‘sha huquqbuzar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan ball hisoblanadi, — deydi YHXX inspektori, podpolkovnik Azizbek Rahmatullayev. – Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilganidan keyin umumiy tartibda qayta haydovchilik guvohnomasi olinadi. Qonunda belgilab qo‘yilganidek, huquqbuzar 6 oy muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi. Bu 6 oydan 3 yilgacha bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda 20 milliondan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lib, ulardan tushgan jarima mablag‘lari 1 trln so‘mdan oshgan. Bu mablag‘lar davlat byudjetiga tushadi va asosan yo‘l ta’mirlashga ishlatiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA