O‘zbekiston va Chexiya konchilik sanoatida hamkorlikni kengaytirmoqda
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Chexiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Lyubomir Frebort boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida konchilik va geologiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, mahalliylashtirish dasturi doirasida Chexiya kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda tajriba va innovatsiya almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda chex kompaniyalari O‘zbekistondagi konchilik sohasiga investitsiya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shu munosabat bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolda yangi kelishuvlarni imzolash yuzasidan kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA