“O‘zbekneftgaz” va “Halliburton” neft-gaz sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi

180

 “O‘zbekneftgaz” AJ va AQSHning yirik neftservis kompaniyalaridan biri – “Halliburton” vakillari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar neft va gaz konlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qazib olish samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Qayd etilganidek, “Halliburton” kompaniyasi AQSHning Texas shtati Xyuston shahrida joylashgan bo‘lib, dunyodagi eng yirik neftservis korporatsiyalari qatoriga kiradi. Kompaniya uglevodorod xomashyosini qidirish, burg‘ilash va qazib olish, shuningdek, konlarni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni taklif etadi.

Muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekistonda gaz konlarini qidirish va qazib olish jarayonida yangi texnologiyalarni tatbiq etishga qaratildi. Jumladan, seysmik qidiruv, geologik-geofizik tahlil va raqamli modellashtirish usullarini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, qayta tiklash qiyin bo‘lgan zaxiralarni o‘zlashtirish, quduqlarni burg‘ilash va tugatish texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu yondashuv O‘zbekistonda uglevodorod resurslaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.

Uchrashuvda “Halliburton” kompaniyasi o‘z texnologiyalarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, neft-gaz sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash, o‘quv dasturlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA