Muammolar ijobiy hal qilinmoqda

193

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Alisher Djumanazarovning Nukus tumani “Namunali makon” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan o‘tkazgan uchrashuvida 19-sonli maktab direktori o‘rinbosari Azat Tashpolatov ta’lim muassasasi atrofini ko‘kalamzorlashtirish hamda ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish uchun suv manbai yo‘qligi sababli artezian qudug‘ini qazdirib, suv nasosi olib berishda amaliy yordam so‘ragan edi.

Murojaat o‘rganib chiqilib, deputat tashabbusi bilan ertasi kuni ijobiy hal etildi. Erta tongdan texnikalar va barcha zarur asbob-uskunalar olib kelinib, burg‘ilash ishlari boshlandi. Kun oxirigacha suv nasosi o‘rnatilib, hozirda ko‘kalamzor maydonga hech bir muammosiz suv chiqarilmoqda.

– O‘tgan yilgi saylov oldidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zLiDeP partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Alisher Djumanazarov aholi bilan muloqot qilishga, muntazam ravishda ularning holidan xabar olishga, muammolarimizni imkon qadar hal qilishga va’da bergan edi, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Azat Tashpolatov. – “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun!” shiorini amaliyotda tasdiqlayotgan deputatlar oddiy xalqning muammolarini joylarga chiqqan holda hal qilmoqda. Maktabimizga bepul suv nasosini o‘rnatib, mushkulimizni oson qilganligi uchun partiyaga va hududdan saylangan deputatimizga minnatdorlik bildiramiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri