Voleybol: O‘zbekiston chempionati 2-turiga yo‘l oladigan jamoalar nomi aniqlanadi
Bugun voleybol bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining 1-tur o‘yinlari yakunlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning 20 ta jamoasi ishtirokida kechayotgan musobaqalar Toshkentdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi va Toshkent davlat transport universiteti maydonlarida davom etmoqda.

– Chempionatda jamoalar 4 ta guruhga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda. Musobaqa nizomiga muvofiq har bitta guruhdagi 5 tadan jamoaning 4 tasi, ya’ni o‘z guruhida 1-4-o‘rinlarni egallagan jamoalar joriy yilning aprel oyida Jizzax shahrida bo‘ladigan mamlakat birinchiligining 2-turida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi, chempionat bosh hakami Farhod Alimov.
Kecha o‘tkazilgan musobaqalarda Milliy gvardiya, “Humo”, “Matonat”, U19 kabi jamoalar g‘oliblikka erishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA