Turkiya Ukrainani qayta tiklashda ishtirok etadi
Ukraina Turkiyaga 2025 yil mamlakatni qayta tiklash bo‘yicha loyihalar jamlanmasini topshirdi. Ushbu ma’lumotni Turkiya hukumatiga yaqin “Turkiye” gazetasi oshkor qildi.
Avvalroq Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an turk kompaniyalari urush oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchilikni bartaraf etish, mamlakatni qayta qurishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilgandi.
– Urush payti ayrim hududlari jiddiy jabr ko‘rgan Ukrainani tiklash bo‘yicha sa’y-harakat tezlashdi, – deb yozgan nashr. – Ukraina Turkiya tomoniga 2025 yil bajarilishi mo‘ljallangan rejani topshirdi. Aprel, may oylarida shoshilinch loyihalar bo‘yicha tender e’lon qilinadi.
Qayd etilishicha, yo‘llardagi mavjud bojxona manzillarini ta’mirlash, yangilarini qurish, pulli avtomobil yo‘llari davlat tizimini yaratish ustuvor hisoblanadi. Hujjatga energiya samaradorligi, ijtimoiy uy-joy va suv ta’minoti sohalaridagi loyihalar ham kiritilgan.