“Yashil” o‘sish va davlat moliyasini boshqarishning muhim omillari

173

Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston mamlakat platformasining navbatdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, qator vazirliklar, xalqaro moliya tashkilotlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va boshqalar  “yashil” o‘sish,  davlat moliyasini boshqarish va qishloq xo‘jaligi sektorini subsidiyalash bo‘yicha baholash ishlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Mamlakat platformasi Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan  hamda Yevropa Ittifoqining kotibiyati ko‘magida tashkil etilgan. U “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda hukumat va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishda muhim mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakat platformasi hukumatning asosiy vazirliklari hamda strategik islohotlar va investitsiyaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlarni birlashtiruvchi 13 ta sektor ishchi guruhi orqali faoliyat yuritadi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishga qaratilgan  islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirishda fiskal shaffoflik, natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi hamda davlat moliyasini boshqarish muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tadbirda mas’ullar 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda moliyalashtirish jarayonini raqamlashtirish, atrof-muhit va gender tengligi tamoyillariga asoslangan moliyalashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirovning so‘zlariga ko‘ra, Mamlakat platformasining asosiy maqsadi islohotlar bo‘yicha muloqotni davom ettirish va xalqaro  hamkorliklarni muvofiqlashtirishga qaratilgan.

– Bu jarayon mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi. Ushbu maqsadga muvaffaqiyatli erishish uchun Mamlakat platformasi hukumat tomonidan beriladigan yanada samarali ma’muriy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj. Buning uchun biz platformaning boshqaruvi, ishchi guruhlari va kotibiyatining rollari, ularning vakolatlari va majburiyatlarini yanada aniq belgilab olishimiz lozim. Shu sababli,  Strategik islohotlar agentligi ushbu masalalarni hal qilish maqsadida maxsus Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqmoqda, – dedi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirov

Shuningdek, tadbirda xalqaro hamkorlar nomidan Osiyo taraqqiyot banki ushbu yo‘nalishlarda e’tiborga molik ko‘mak ko‘rsatayotgani hamda davlat moliyasini boshqarishning umumiy tizimini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mamlakatda qishloq xo‘jaligini subsidiyalash tizimi bo‘yicha OTB, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida amalga oshirilgan o‘rganish natijalarini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatiga subsidiyalardan qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni jadallashtirishda qanday foydalanish mumkinligi, islohotlarning davlat byudjetiga ta’siri hamda mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish natijalari haqida asosli muhokamalar olib borish imkonini beradi.

– O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi subsidiyalarga nisbatan yanada strategik yondashuvga ehtiyoj sezadi, – dedi Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Toyvo Klaar. – Strategik yondashuv subsidiyalarning islohotlarni rag‘batlantirishdagi samaradorligi hamda uni amalga oshirish jarayonida tejamkorlikni kafolatlashi zarur. Ko‘zlangan maqsad ushbu subsidiyalarni bozor tamoyillariga asoslangan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, turli sohalarni qamrab oluvchi, ekologik jihatdan barqaror, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan va ijtimoiy jihatdan inklyuziv agrar oziq-ovqat sektorini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan darajaga yetkazish bo‘lishi lozim.

Tadbir yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan galdagi rejalar belgilab olindi.

Nasiba Ziyodullayeva,  Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA