Xayriya faoliyatini yanada samarali tashkillashtirish choralari belgilanmoqda

157

2025 yil 25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Hozirgi kunda homiylik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi har bir jismoniy va yuridik shaxsga taqdim etilganligi, shuningdek, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibining qonunchilikda aniq belgilanmaganligi sababli ayrim g‘araz niyatli shaxslar tomonidan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘lari va mol-mulkini asossiz qo‘lga kiritish holatlari ko‘p uchramoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, homiylik faoliyati bilan qonuniy tarzda shug‘ullanuvchi tashkilotlarga bo‘lgan ishonchning susayishiga olib kelmoqda.

Bunday tendensiya jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha xavf-xatarlarning oshishiga, qolaversa, Jahon xayriya indeksida O‘zbekiston pozitsiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur qonunning qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga hamda homiylik tashkilotlariga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi.

Unga ko‘ra, homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida hamda homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.

Homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlari ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda e’lon qilinadi va soliq hisobotlarida aks ettiriladi.

Jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari uchun yig‘ishi mumkin bo‘ladi. Ko‘ngillilar esa o‘ziga begona bo‘lgan homiylik oluvchilarga faqat e’lon berish orqali ko‘maklashishi belgilanmoqda.

Hujjatda xayriya qutisi tushunchasi, uni o‘rnatish va undan foydalanish tartibi ham keltirilgan. Ya’ni xayriya qutisi faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi.

Xayriya qutisi naqd pul shaklidagi xayriyalarni yig‘ish uchun mo‘ljallangan shaffof idish, uni ochish joyi vakolatli shaxslar tomonidan imzolangan, muhrlangan yoki plombalangan bo‘lishi kerak.

Xayriya qutisini ochish, xayriyani hisoblash jarayoni xayriya tashkilotchisining vakolatli vakili va kamida ikki nafar guvoh ishtirokida amalga oshiriladi.

Xayriya qutisidagi mablag‘lar u ochilgan kunda yoki keyingi ish kuni ichida tegishli bank hisobraqamiga kirim qilinadi. Qonunda xayriyalarni yig‘ish va xayriya qutilarini o‘rnatish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunning 14-moddasi homiylik oluvchilarning qonunchilikda belgilangan boshqa yordam turlaridan, to‘lovlar va imtiyozlardan foydalanishini cheklash yoki to‘xtatish uchun asos bo‘lmasligi haqidagi qism bilan to‘ldirilmoqda.

O‘zA