Davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat xaridlarini korparativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
xizmat safarlari, shu jumladan, transport va yashash xarajatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
benzin, suyultirilgan va siqilgan gaz, avia va dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalariga yoqilg‘i quyish, elektromobillarni elektr energiyasi bilan quvvatlantirish bilan bog‘liq xaridlar tartibi belgilab berilgan.
Qarorda 2025 yil 1 iyulga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portalida korporativ bank kartalari orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlarining hisobini yuritish imkonini beruvchi alohida axborot tizimini yaratish hamda uning tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu nizom qabul qilingani munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 24 iyundagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Ta’sischisi byudjet tashkilotlari bo‘lgan unitar korxonalarga g‘aznachilik orqali xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 10 iyuldagi PQ-249-son Qarorining 6-bandida davlat buyurtmachilari tomonidan korporativ bank kartalaridan (“xarid kartalari”) foydalangan holda, xaridlarni amalga oshirish tartibini ishlab chiqish belgilangan edi.
O‘zA