Beruniy va Ibn Sino o‘rtasida ilmiy yozishmalar bo‘lganini bilarmidingiz?

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk allomalar Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino o‘rtasidagi ilmiy yozishmalarni ekspozitsiyada namoyish etish rejalashtirilgan. Bu yozishmalar X asr oxirida yuz bergan ilmiy muloqotlar bo‘lib, astronomiya, falsafa va fizika sohalaridagi murakkab masalalarni qamrab oladi.
Beruniy va Ibn Sino o‘z zamonasining yirik olimlari sifatida ilmiy munozaralar olib borgan. Ibn Sino Beruniyning savollariga javob yo‘llagan, biroq ba’zi masalalarda e’tiroz bildirgan. Bu yozishmalarning muhim jihati shundaki, ular Aristotelning “Osmon haqida kitob“ asari va fizika qonunlarini chuqur tahlil qilishga asoslangan.
Yozishmalarning qo‘lyozmalari jahon fondlarida saqlanib, ilk marta 1917 yili Qohirada “Jomi’ ul-badoi’“ to‘plamida chop etilgan. 1950 yili esa ushbu yozishmalar o‘zbek, arab va rus tillarida alohida kitob shaklida nashr etilgan. Keyinchalik 1953 yilda Istanbul universiteti tomonidan nashr qilingan “Ibn Sino risolalari“ to‘plamida ham o‘rin olgan.
Tarixiy hujjatlar jahon fondlaridan yig‘ilib, qo‘lyozmalarning faksimil nashri tayyorlanadi. Bu manbalar asosida Beruniy va Ibn Sino yozishmalari Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga kiritilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur ekspozitsiya orqali buyuk ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq o‘rganish va jamoatchilikka taqdim etishni maqsad qilgan.
O‘zA