Ichki turizm rivojlanishida qanday omillar muhim?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ichki turizmning rivojlanishini baholashga qaratilgan oflayn so‘rov o‘tkazdi.
Unda barcha viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan 3172 nafar respondent ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, mamlakatimizning to‘rtta hududi – Samarqand (13,4 foiz), Buxoro (9,6 foiz), Toshkent (10,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (16,8 foiz) ichki turistik oqimi eng yuqori hududlar hisoblanadi. Sirdaryo viloyati (1,0 foiz) esa eng past ko‘rsatkichga ega.
Respondentlarning 63,8 foizi yilda bir marta, 9,8 foizi har uch oyda bir marta, 1,9 foizi oyiga kamida bir marta sayohat qilishini bildirgan. Umuman sayohat qilmaydiganlar ulushi esa 23,4 foizni tashkil etadi. Mamlakat bo‘ylab sayohat qiluvchilar asosan shaxsiy avtomobilidan foydalanadi. Ichki sayyohlarning 27,8 foizi taksini, 12,2 foizi poyezdni, 7,3 foizi samolyotni afzal ko‘radi.
Tunash uchun respondentlarning 58,5 foizi mehmon uylarini, 27,3 foizi mehmonxonalarni, 10,9 foizi xostellarni, 3,2 foizi esa chodirlarni tanlaydi.
Sayohatga chiqishga to‘sqinlik qiluvchi omillar haqida so‘ralganda, 36,4 foizi hech qanday to‘siq yo‘qligini aytgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, ichki sayyohlarning 22,8 foizi ziyorat maqsadida safarga chiqadi. 15,7 foiz madaniy-ma’rifiy turizmni, 14 foiz oilaviy turizmni, 11 foiz tog‘ kurortlarini, 9,7 foiz xizmat safarlarini, 7,5 foiz ta’lim va talabalar almashinuvini, 3,9 foiz ekoturizmni afzal biladi.
Ishtirokchilarning 61,6 foizi sayohatlar uchun chegirmalar joriy etilishi, 15,1 foizi ijtimoiy ehtiyojmandlar uchun maxsus paketlar tashkil qilinishi kerakligini bildirgan. 9,3 foiz sayohat uchun kreditlar berishni, 5,1 foiz esa yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etishni taklif qilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA