BMT Ukraina masalasida ikkita rezolyutsiya qabul qildi

183

Ukrainadagi ziddiyatga uch yil to‘lishi munosabati bilan BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida ushbu mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha 11-maxsus favqulodda sessiya o‘z ishini boshladi. Unda Ukraina va AQSH o‘zlarining rezolyutsiya loyihalarini ovozga qo‘ydi. Bosh Assambleya ikkala hujjatni ham qabul qilgan.

Ukraina hujjati uchun 93 davlat ovoz bergan, 18 davlat qarshi chiqib, 65 davlat betaraf qolgan. Qo‘shma Shtatlar versiyasini 93 davlat qo‘llab-quvvatladi, sakkiztasi qarshi ovoz berdi va 73 davlat betaraf qoldi.

Amerika tomoni taqdim etgan rezolyutsiya loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan uchta tuzatish bilan qabul qilindi.

Qabul qilingan tuzatishlardan birida rezolyutsiyaga “Ukrainaning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va uning hududiy suvlarigacha bo‘lgan xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligiga sodiqligini” tasdiqlovchi so‘zlarni qo‘shish taklif qilingan.

YeI tomonidan tasdiqlangan boshqa tuzatishga ko‘ra, “Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mustahkam tinchlik” so‘zlari “BMT Nizomi hamda davlatlarning suveren tengligi va hududiy yaxlitligi tamoyillariga muvofiq Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida adolatli, uzoq muddatli va keng qamrovli tinchlik” so‘zlari bilan almashtirildi.

AQSH loyihasiga tuzatishlar Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikolya de River tomonidan taqdim etilgan. U shuningdek, delegatsiyalarni Ukraina taklif qilgan hujjatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Maryana Betsa ovoz berishdan oldin Bosh assambleya minbaridan turib mamlakatlarni BMT Nizomiga sodiq qolishga chaqirdi.

– Biz tarixiy lahzalarni boshdan kechirmoqdamiz va bugun qabul qilingan qarorlar Ukraina, Yevropa va butun insoniyat kelajagini belgilab beradi, -dedi u.

Ukraina hujjatida avvalgi rezolyutsiyalarga ishora qilinib, Rossiya o‘z qo‘shinlarini ushbu o‘lka hududidan to‘liq olib chiqib ketish chaqirig‘i takrorlanadi. Hujjat mualliflari BMT Nizomi tamoyillari asosida tinchlikka erishishga chaqiradi. O‘nlab mamlakatlar mazkur loyihaning hammualliflari bo‘ldi.

Amerikalik diplomat Doroti Shi ovoz berishdan oldin rezolyutsiyaning “Tinchlik sari yo‘l” deb nomlangan amerikancha variantini taqdim etgan. Unda mualliflar tomonidan mojaroga chek qo‘yilish kerakligi ta’kidlanadi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya rezolyutsiyaning amerikancha varianti uchun ovoz berishga chaqirib, uni “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” deb atagan, shuningdek, unga Rossiya tomonidan taklif qilingan Ukraina inqirozining “asosiy sabablarini” yo‘q qilishga taalluqli tuzatish kiritishga chaqirdi. Tuzatish Bosh Assambleya tomonidan qabul qilinmadi.

Nebenzya shuningdek, delegatsiyalarni “Ukraina-Yevropa rezolyutsiyasi loyihasi” va AQSH hujjatiga Yevropa davlatlari tomonidan taklif qilingan tuzatishlarga qarshi ovoz berishga ham chaqirgan.

S.Rahimov, O‘zA