Ko‘zbo‘yamachilik yomon illat

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat, Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari va tovarlarni tasniflash tuzilmasi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan birining nomiga olib kirilgan gazga ishlov berish qurilmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Qonunchilikda xorijdan olib kirilgan ayrim tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan imtiyoz berilishi nazarda tutilgan. Lekin, imtiyoz qo‘llanilishi belgilanmagan tovarlarni ham “imtiyozli” tovar kodi ostida ko‘rsatib, davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga urinish holatlari ham uchramoqda. Qoraqalpog‘istonda bojxonachilar shunday holatga chek qo‘yib, davlat byudjeti qo‘shimcha 608 million so‘mga to‘ldirildi.

Bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan va deklaratsiyalanayotgan barcha tovarlar majburiy ravishda tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga muvofiq tasniflanadi. Tovar kodlarining noto‘g‘ri ko‘rsatilishi davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlarining to‘g‘ri hisoblanishi va undirilishiga to‘siq bo‘ladi. Ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bojxona xodimlarining “ilg‘amay qolishi”ga umid qilib, tovar kodlarini ataylab bojxona to‘lovlaridan imtiyoz taqdim etiladigan boshqa bir tovar kodiga almashtirib qo‘yish holatlari ham uchramoqda.

Olib kirilayotgan mazkur tovar uchun bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan kod bo‘yicha tovarga go‘yo bojxona to‘lovlaridan imtiyoz taqdim qilinishi kerak edi. Ammo, bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi jarayonida olib kirilgan tovar hujjatlarda boshqa tovar kodi ostida taqdim etilgani holati aniqlandi. Olib borilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra mazkur uskuna 8481109908 kodi ostida tasniflanishi zarurligi qayd etildi. Natijada ushbu tovar bo‘yicha qo‘shimcha bojxona to‘lovi hisoblandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri