Mulk takroriy auksionga qo‘yildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 23 maydagi ijro hujjatiga asosan qarzdor T.B.dan “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filiali foydasiga jami 145,8 million so‘m kredit qarz undirish, uni bank va mijoz o‘rtasida 129 million so‘mga baholangan COBALT rusumli avtomashinaga qaratish belgilandi.
Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida garovga olingan avtomashina bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olinib, elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi.
Auksion savdo joriy yilning 10 fevral kuniga belgilan va auksionda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmaganligi sababli mulk takroriy auksionga qo‘yildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, elektron onlayn-auksion savdolarini o‘tkazish tartibi haqidagi Nizomga muvofiq agarda auksionga chiqarilgan mulk birinchi auksion savdosida sotilmagan taqdirda, takroriy auksion savdosi narxni tushirib borish uslubida o‘tkaziladi. Bunda auksionga chiqarilgan mulk baholangan narxidan 10 foiz arzon sotilib ketilishi mumkin. Bu esa, avtomashina sotilgan taqdirda ham mijoz bank oldidagi 145,8 million so‘m qarzdorlikni qoplay olmasligini anglatadi. Shu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish uchun yuzaga kelgan kredit qarzdorligini vaqtida to‘lab borish talab qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri