Hidoyat yog‘dusi

186

Ezguliklar oyi, marhabo!

Yana bir necha kundan so‘ng dillarimizga surur, qalblarimizga sokinlik, huzur-halovat ulashib muborak Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyning fayzi va shukuhi o‘zgacha. Bu oy bejiz orziqib kutilmaydi. Unda ming oylarga tatiydigan kecha bor. Bu oyda so‘zlarning eng ulug‘i – Kalomulloh nozil bo‘lgan.

Ramazonni yurtimizda ko‘tarinki ruhda kutib olamiz. Chunki bu oyni munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida har yili muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning maxsus qarori qabul qilinadi. Shu hujjat asosida muborak oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish alohida belgilanadi.

Ro‘zaning juda ko‘p va turli-tuman foydalari bor. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizni ana shu foydalarga targ‘ib qilganlar.

Birinchidan, ro‘za immunitetni oshirib, inson tanasini turli kasalliklarga bardoshli qiladi. Chunki tanadagi ko‘p kasalliklar asosan me’da va ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilardan hamda ortiqcha semizlikdan kelib chiqadi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lasizlar”(Imom Tabaroniy rivoyati) degan muborak so‘zlari zamirida qanchalik hayotiy haqiqatlar mujassam ekani namoyon bo‘ladi.

Ikkinchidan, ro‘za zehnning salomatligi, fikrning to‘g‘ri bo‘lishi, xotiraning faollashuvida foydali, unutuvchanlikni kamaytiradi. Ko‘p yeyish miyada namlik va botni ko‘paytiradi va bu xotira quvvatiga og‘ir keladi.

Uchinchidan, ro‘zador kishining tana a’zolari harakati toat-ibodatlar uchun yengil bo‘ladi. Haddan tashqari to‘yib ovqatlanish tanani bo‘shashtiradi, ibodat qilishga og‘irlashtirib qo‘yadi.

To‘rtinchidan, ro‘za tufayli shaytonning malaylari mag‘lub bo‘ladi, Rahmonning lashkariga nusrat ato etilib, g‘olib bo‘ladi. Ro‘zada nafsni tiyish a’zolarning bemalol bo‘lishidan, shahvatlarga mukkasidan ketishidan saqlanishdir. Ozuqaning ko‘payib ketishi nafsni shahvatlarga undaydi.

Beshinchidan, ro‘za tufayli duolar qabul va ijobat bo‘ladi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Uch kishi borki, ularning duosini rad qilmaslik Allohning zimmasidagi haqdir: og‘zini ochguncha ro‘zadorning, nusrat topguncha mazlumning va qaytgunicha musofirning”, deganlar.

Qolaversa, tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismoniy va ruhiy kasalliklardan himoyalanishda va ularning oldini olishda foydasi borligi isbotlandi. Ba’zi misollarni aytadigan bo‘lsak: ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyatni (immunitet) kuchaytiradi, chunki ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy isbotini topgan.

Aynan Ramazon oyi munosabati bilan qanchadan-qancha kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinadi, beva-bechora, yetim-yesirlarga ko‘maklar beriladi. Nega? Chunki odam ro‘za tutib, ochning holini his etadi, tashnaning ahvolini anglab yetadi. Shu bois ularga yordam beradi.

Bu oyda bir har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savob berilishi hadisi sharifda bayon etilgan: “Har bir xayrli amalga o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob beriladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Albatta, u oylar sultoni, unda ilk bora Alloh taoloning kalomi nozil bo‘lgan. «Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir» (Baqara surasi, 185-oyat).

Darhaqiqat, Ramazon bu – Qur’on oyi. Uning kechalarini qorilarning go‘zal qiroatlari bilan tarovehlar bezab turadi. Allohning kalomini xatm qilish, uni tinglash, undan bahra olish niyatida Islom ummati tarovehlarga shoshiladi. Bu muborak kechalarda go‘yo nur zamindan samoga ko‘tarilayotgandek bo‘ladi. Chunki zamin uzra Allohning uylarida Qur’oni karim tilovatlari yangrab turadi. Hatto Qur’onni bilmaganlar ham uni o‘qish, yod olish, ayniqsa, o‘zi tilovat qilishni istab qoladi.

Allohga beadad shukr, bu yil Ramazonda ham ezgu an’analarimiz davom etadi: tarovehlarda, Qur’oni karim xatmlaridan so‘ng barcha masjidlarimizda yurtimizning yanada ravnaq topishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon bo‘lishi, jannatmonand yurtimiz gullab-yashnashi uchun Yaratganga iltijolar qilamiz. Zero, hadisi sharifda: “Ro‘zadorning duosi to iftorlik qilgunicha aslo rad etilmaydi”, deyilgan (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Jasurbek domla Raupov,  

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi.