Uy-joy va ipoteka bozori yanada rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, 2025 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
hududlarda jami 8,1 million m2dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;
ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirish;
uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;
“Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3,0 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish.
Farmonga ko‘ra, 2025 yilda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
2025 yil 1 martdan boshlab “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq quyidagi mezonlarni inobatga olgan holda tanlanadi:
massivning tuman (shahar) markazida yoki unga yaqin (2 kilometrgacha) hududda joylashganligi hamda ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholining uy-joyga talabi mavjudligi;
massivning muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmalari bilan ta’minlanganligi yoki mavjud infratuzilmalarga yaqinligi;
massiv tashkil etilmoqchi bo‘lgan hududda kamida 70 ming kishi istiqomat qilishi;
massivdagi jami kvartiralarning umumiy maydoni kamida 100 ming m2 bo‘lishi hamda 7 qavatdan kam bo‘lmagan uylar qurilishi rejalashtirilganligi;
ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish xarajatlarining kamida 2 foizi uy-joylar atrofida yashil hududlar yaratishga yo‘naltirilganligi.
2025 yil 1 maydan boshlab “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish doirasida:
a) yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
b) yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va ob’ektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi. Bunda:
yer uchastkalari ko‘p kvartirali uy-joylarni qurib bitkazish va foydalanishga qabul qilish muddatiga realizatsiya qilinadi;
oferta talablarini bajarmagan auksion savdosi g‘olibidan yer uchastkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil b sentyabrdagi PF-135-son Farmoniga 4-ilovada belgilangan tartibda qaytarib olinadi va takroran auksion savdolariga qo‘yiladi;
v) auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Bunda ko‘p kvartirali uy-joy belgilangan muddatda qurilib, foydalanishga topshirilmasa, imtiyozdan foydalanilgan davr uchun yer solig‘i 2 baravar miqdorda undiriladi;
g) “Yangi O‘zbekiston” massivlarida tijorat binolarini qurishga mo‘ljallangan yer uchastkalari umumiy maydonining kamida 10 foiz qismi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalari bilan birga yagona lot sifatida auksion savdolariga chiqariladi.
2025 yil 1 martdan boshlab renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
a) renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi;
b) mulkdorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:
buzilayotgan turarjoy ob’ektlari o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida ko‘chish, shu jumladan, boshqa turarjoy ob’ektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplash;
buzilayotgan turar va noturar joy ob’ektining bozor qiymatini to‘liq qoplab berish;
renovatsiya tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.
O‘zA