Velosportni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi

205

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo velosport konfederatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev bilan uchrashdi.

Unda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori yurtimizda sport sohasini rivojlantirish va ommaviy sport bilan shug‘ullanishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Prezidentimizning alohida e’tibori bilan yaratilayotgan sharoitlarni ta’kidladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida velosportni yanada rivojlantirish, joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, sportchilarimizning yuqori natijalarga erishishi uchun bundan buyon ham keng imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joiz, yaqinda Prezidentimiz raisligida Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida istiqbolli sport turlari, jumladan, velosportni yanada rivojlantirish borasida topshiriqlar berilgan edi. Uchrashuvda ushbu topshiriqlar asosida sport turini ommalashtirish, litsenziya olish va medallar sonini ko‘paytirish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilandi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri