Polsha Paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyasi O‘zbekistonda
Mamlakatimizda olimpiya va paralimpiya harakatining yangi bosqichga ko‘tarilishi ko‘plab xorijiy davlatlarda O‘zbekiston sportiga bo‘lgan qiziqishni oshirdi.
O‘tgan 2024 yil mobaynida mamlakatimizga aynan Paralimpiya sport turlari yo‘nalishida o‘nlab mamlakatlarning paralimpiya qo‘mitalari, xalqaro para sport federatsiyalari Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, mutaxassislari tashrif buyurib, qo‘shma loyihalar yuzasidan muzokaralar olib bordi, turli kelishuvlarga erishildi.

Shu kunlarda Polsha Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Lukas Maciyej Szeliga boshchiligidagi delegatsiya ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganish maqsadida kelgani istiqbolli sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
–Polshalik sport mutaxassislari poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya va Paralimpiya shaharchasini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislarimiz bilan kechgan suhbatlar davomida nafaqat para sport turlari, Olimpiya va Paralimpiya yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish, har ikki mamlakatning yetakchi sport tizimlarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi ko‘plab masalalarda takliflar ilgari surildi, – deydi O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Hikmat Toshmatov.
Bugun, 25 fevral kuni O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi va Polsha Paralimpiya qo‘mitasi mutasaddilarining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilish davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish kutilmoqda.
Polsha Paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyasi safar davomida yurtimizning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi, sport inshootlari bilan tanishishi rejalashtirilgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA