Bugun “Stranja” turnirida 8 nafar bokschimiz jang qiladi

Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha an’anaviy “Stranja” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Mazkur musobaqaning kechagi bahslarida 3 nafar bokschimiz o‘zining ilk jangini o‘tkazishi haqida xabar bergan edik.
Biroq ushbu janglarning ikkitasida charm qo‘lqop ustalarimiz ringga ko‘tarilmadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, “Parij-2024” XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev jang oldidan jarohat olgani bois musobaqani o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Shuningdek, yana bir Olimpiada chempioni hamyurtimiz Abdumalik Xalokov 27 fevral kuni professional boksda navbatdagi jangini o‘tkazishi tufayli “Stranja”da ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘lgan edi.
Musobaqaning -60 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Samandar Olimov irlandiyalik Adam Hessionga qarshi kechgan bahsda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun, 25 fevral kuni 8 nafar charm qo‘lqop ustalarimiz ringga ko‘tariladi. Quyida ularning raqiblari bilan tanishasiz:
-63,5 kg: Sayat Ilyasov – Klensi Dean (Irlandiya);
-75 kg: Javohir Ummataliyev – Joshua Olaniyan (Irlandiya);
-80 kg: Nurislom Ismoilov – Alfred Kromvel Kommi (Italiya);
-86 kg: Akmaljon Isroilov – Bekzad Nurdauletov (Qozog‘iston);
-92 kg: To‘rabek Habibullayev – Isaak Okox (Angliya);
+92 kg: Jahongir Zokirov – Muhammad Abdullayev (Ozarbayjon);
+92 kg: Abdurahmon Rustamov – Tomas Damar (Angliya)
+92 kg: Arman Maxanov – Godstime Idemudia (Irlandiya).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri