“Alibaba” Xitoyda sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantiradi

Xitoyning “Alibaba Group” internet-kompaniyasi sun’iy intellekt uchun apparat infratuzilmasini yaratishga 380 milliard yuandan (taxminan 53 milliard dollar) ko‘proq sarmoya kiritadi, deya xabar tarqatdi “Sinxua” axborot agentligi.
Xitoyning “Penpay” nashri “Alibaba”ning ushbu investitsiyasi mamlakat xususiy korxonalarining sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratishga kiritgan sarmoyalari hajmi bo‘yicha rekord ekanligini ta’kidladi.
Nashrning yozishicha, “Alibaba”ning investitsiya bo‘yicha qarori ikki muhim omil asosida qabul qilingan. Ulardan biri Xitoyda sun’iy intellekt sanoati juda tez sur’atda o‘sayotgani bo‘lsa, ikkinchisi fevralda bo‘lib o‘tgan hukumat vakillari, jumladan, XXR Raisi Si Szinpin va mamlakatning yirik xususiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anjuman hisoblanadi.
Yanvar oyi oxirida “Alibaba Cloud” yangi sun’iy intellekt tili – “Qwen 2.5-Max” modelini taqdim etdi, ishlanma mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu model imkoniyatlari bo‘yicha “DeepSeek” kompaniyasining modelidan ustun turadi.
S.Rahimov, O‘zA