Qarzdor ota 15 sutkaga qamaldi

179

Fuqaro Sh.B. shu kungacha sud qarori bilan belgilangan uch nafar farzandi ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lamasdan kelgan.

Shuning natijasida uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 70 million so‘mdan oshib ketgan. Uning yashash manzili haqida aniq ma’lumot bo‘lmaganligi sababli Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilindi.

Bu orada uning sobiq turmush o‘rtog‘i Byuroning Qoraqalpog‘iston boshqarmasi xodimlariga og‘zaki murojaat qilib, qarzdorni qidirib topishni so‘ragan. Agar topilgan taqdirda u bilan yarashib birga yashash istagini bildirgan. Shu sababli, qarzdorga tegishli ma’lumotlar o‘rganila boshlandi va u hozirda hech qayerda yashash uchun ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlandi.

Joriy yilning 19 fevral kuni Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida qarzdor Sh.B. o‘zining Nukus shahrida yashovchi akasining uyidan topildi. U Byuroning Nukus shahar bo‘limiga olib kelindi va shu yerga uning turmush o‘rtog‘i chaqirildi. Uchrashuvda turmush o‘rtog‘i yarashish niyati yo‘qligini, unga nisbatan chora ko‘rib berishni so‘ragan. Shu yerning o‘zida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudiga yuborildi.

Sud majlisida qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri