Ekologik islohotlar va siyosiy faollik

187

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, demokratik islohotlarning mazmuni va maqsadlari haqida yoshlar bilan suhbat tashkil etildi.

Tadbirning maqsadi, yoshlarni mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi bilan yaqindan tanishtirish, ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish, yashil iqtisodiyot va demokratik islohotlar haqida to‘liq ma’lumot berishdan iborat. O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, filial professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda talabalarga ekologik barqarorlik, O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, tabiiy resurslarni tejash va ekologik muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil tushuntirish berildi.

So‘zga chiqqanlar yoshlarning partiya siyosatidagi o‘rni, ularni samarali siyosiy islohotlarga qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar o‘zlari uchun ochiq siyosiy maydonni topishi, ijtimoiy va siyosiy masalalarda o‘z fikrlarini erkin ifodalash imkoniyatlariga ega bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar ekologik va siyosiy ta’limni kuchaytirish, talabalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish zarurligini ta’kidladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri