“Biz – donormiz!” xayriya aksiyasi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan “Biz – donormiz!” mavzusida donorlik xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Unda oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar va faol fuqarolar ishtirok etdi.
Aksiyani o‘tkazishdan maqsad, murakkab jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng, og‘ir jarohatlar yoki saraton kasalligiga chalingan va qon quyishga juda muhtoj bo‘lgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Shuningdek, jamiyatda o‘zaro yordam madaniyatini shakllantirish, bu jarayonning ahamiyatini keng tushuntirish, donor qoni taqchilligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etishdan iborat.
Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish kasalxonalar va tibbiyot markazlarida qonning yetarli darajada ta’minlanishiga yordam beradi. Bu ayniqsa, favqulodda vaziyatlar va rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotlari uchun muhimdir.

Ta’kidlash joizki, qon topshirishning donorga ham talaygina foydasi bor. Ularning qoni doim yangilanib turishi hisobiga infarkt, insult va boshqa yurak kasalliklariga chalinish xavfi kamayadi. Qolaversa, donorlar qon topshirishdan oldin shifokor qabulida bo‘ladi. Bu doimiy ravishda salomatligi haqida ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi.
Eng muhimi, qon topshirish orqali har birimiz ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Shuning uchun ham qon faqat donorlar kunida emas, balkim yil davomida kerak.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri