U20 Osiyo chempionatida yarim final ishtirokchilari aniqlandi

200

Xitoyda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo kubogida chorak final bahslari yakunlandi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kubok bellashuvlarining chorak finalida O‘zbekiston – Koreya Respublikasi yoshlar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.

Uchrashuvda futbolchilarimiz o‘yindagi hisobni ochgan bo‘lsa, koreyalik futbolchilar o‘yin davomida ketma-ket uchta gol urib oldinga chiqib oldi. Biroq asosiy vaqtning so‘nggi daqiqalarida futbolchilarimiz o‘yin tizginini qo‘lga oldi va hisobni 3:3 ko‘rinishiga olib keldi. O‘yinda jamoamiz gollariga Asilbek Jumayev, Abdug‘afur Haydarov,Muhammadali O‘rinboyev mualliflik qildi.

Terma jamoamizning ajoyib kambekidan so‘ng, ekstra taymlarda hisob ochilmagani bois jamoalar futbol lotoreyasiga taklif etildi.

Penaltilar seriyasida afsuski, futbolchilarimiz 3:1 hisobida yengildi.

Shuningdek, bugungi bahslarda Eron va Yaponiya terma jamoalari yarim final ostonasida o‘zaro to‘qnash keldi. Unda asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida yaponiyalik futbolchilar 4:3 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa, mazkur qit’a kubogi 1/2 final bosqichida Koreya Respublikasi – Saudiya Arabistoni, Yaponiya – Avstraliya terma jamoalari bellashadi. Yarim final o‘yinlari 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida: Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Avstraliya yoshlar terma jamoalari 27 sentyabr – 19 oktyabr kunlari Chili mamlakatida o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA