Sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev sport sohasi vakillari, mas’ullar, federatsiya rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda 2024 yilda sport maktablarida sportchi-yoshlarni tayyorlashda amalga oshirilgan chora-tadbirlar va kelgusidagi vazifalar hamda sport federatsiyalarining ishlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda yurtimizda sportni rivojlantirish va ommalashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratilib, bu borada amaliy chora-tadbirlar davom etmoqda. Ayniqsa, yoshlarimiz orasidan yurtimiz bayrog‘ini dunyoga yanada tanitadigan sportchilarni yetishtirib chiqarish, olimpiada musobaqalarida Vatanimiz sharafini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi etib saylangani o‘z navbatida hudud va soha rahbarlariga katta mas’uliyat yuklashini, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib sohada yuqori natijalar qo‘lga kiritilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Qoraqalpog‘istonda eng kam ekanligi qayd etilgan edi. Shuningdek, bu borada o‘z vazifasini bajarishda ayrim muassasa va federatsiya rahbarlarining loqaydlik bilan yondashayotgani tanqid qilindi.
Uchrashuvda yurtimiz yoshlari orasidan xalqaro darajadagi musobaqalarda, olimpiada o‘yinlarida yuqori natijalarga erishadigan sportchilarni yetishtirib chiqarish uchun yana qanday choralar ko‘rish kerakligi bo‘yicha soha vakillarining fikr-takliflari tinglanib, vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri