“Kabar” axborot agentligi OANA mukofotini qo‘lga kiritdi

Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari axborot agentliklari tashkiloti (OANA)ning 2024 yildagi eng yaxshi maqola tanlovida “Kabar” axborot agentligi xodimi Nurjan Kasmaliyeva “Madaniy meros” nominatsiyasida qirg‘iz xalqi milliy gilami – shirdak haqidagi maqolasi bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
2024 yil avgust oyida e’lon qilingan, jurnalistlar o‘rtasida malaka, mukammallik va innovatsiyani rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” va “Eng yaxshi fotosurat” musobaqasi natijasini OANA Bosh kotibi Zamon Rizaxoniy Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan Ijroiya kengash 54-yig‘ilishida o‘qib eshittirdi.
Tanlovga 17 axborot agentligidan 30 maqola, 22 surat, 14 foto to‘plami taqdim etilgandi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi iyun oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan 19-Bosh assambleya yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar axborot agentliklari notijorat birlashmasi – OANA 1961 yil 22 dekabrda Tailandning Bangkok shahrida Osiyo axborot agentliklari birinchi Bosh assambleyasi majlisida YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan. Tashkilot dunyo aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qiladigan mintaqadagi axborot agentliklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va erkin yangilik almashinuvini ta’minlash maqsadida tuzilgan. 33 mamlakatning 41 agentligini birlashtirgan jamoa a’zolari bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tarqatiladigan axborotning uchdan ikki qismini ta’minlaydi.
“Kabar” 1997 yildan OANA a’zosi hisoblanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA