AQSH Ukrainaga yer osti nodir metall zahirasi bo‘yicha kelishuv loyihasini topshirdi
Prezident Vladimir Zelenskiy dastlabki taklifni rad etgandan so‘ng, AQSH yetakchisi Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga mineral resurslar bilan bog‘liq qayta ko‘rib chiqilgan kelishuv loyihasini topshirdi, deb yozdi “Axios” portali.
Zelenskiyning yordamchilari Tramp bilan navbatdagi ziddiyat yuzaga kelishining oldini olish maqsadida mazkur yangi taklifga imzo chekishni so‘ramoqda.
– Oxirgi loyiha sezilarli darajada takomillashtirilgan, Ukraina qonunchiligiga mos keladi, – deyilgan axborotda.
Har ikki tomon manbalari kelishuv ehtimoli ortib borayotganini ma’lum qilgan.
3 fevral kuni Tramp Vashington Kiyevdan moliyaviy va harbiy yordam evaziga yer osti nodir metallari yetkazib berish kafolatini kutayotgani haqida gapirgandi.
“Vashington Post” Kongress a’zolariga tayanib, 14 fevral kuni amerikalik amaldorlar Zelenskiy bilan Myunxendagi uchrashuvda unga Ukrainadagi hali qazib olinmagan mineral resurslarning 50 foiziga bo‘lgan huquqni AQSHga o‘tkazish nazarda tutiladigan hujjat imzolashni taklif qilgani haqida xabar tarqatgan edi. Ukraina rahbari esa ertasiga bunday shartnoma tasdiqlanmaganini bildirdi.