O‘zbekistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar e’tirof etildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Parij shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
“Xalqaro ona tili kuni”ning 25 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbir doirasida Sherzod Karimov YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jianini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va Toshkent shahrida YUNESKO shafeligida maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ikkinchi darajali mintaqaviy markaz tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida Stefaniya Jianini O‘zbekistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni e’tirof etdi. Jianini xonim O‘zbekistonning bu boradagi natijalarini yuqori baholab, xususan, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish hamda pedagoglar malakasini oshirish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratdi.

Muhokamalar davomida 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh Assambleyasi dasturiga alohida sessiyani kiritish imkoniyati bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida Sherzod Karimov Global ta’lim hamkorligi (GPE) koordinatori Peterson xonim bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar “System Sapasity Grant” loyihasini jadallashtirish jarayonini muhokama qildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA