Sudyalar oliy kengashi: o‘tgan yilda 783 nafar nomzod tavsiya etilgan lavozimga munosib, deb topildi

40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi
AOKAda Sudyalar oliy kengashining 2024 yildagi faoliyati sarhisobiga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda kengash tomonidan sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 783 nafar nomzod tavsiya etilgan lavozimga munosib, deb topildi.
Ularning 142 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 146 nafari o‘n yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 250 nafari vakolati muddati davriga qayta tayinlangan. Sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlanganlarning barchasi kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi bitiruvchilari hisoblanadi.

2025 yil 1 yanvardan sud tizimida yangi institut – jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida tergov sudyalari ish boshladi. Shunga muvofiq, 2024 yilda ushbu lavozim uchun 240 ta tayinlov ham amalga oshirildi.
2025 yilning 20 fevral holatiga tizimda 1 ming 518 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 500 nafari (32,9 foiz) ushbu lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik, 964 nafari (63,5 foiz) o‘n yillik muddatga, 54 nafari (3,6 foiz) muddatsiz davriga tayinlangan (saylangan).
Sudyalar korpusini shakllantirishda gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024 yilda ayol sudyalar 34 nafarga ko‘payib, jami 225 nafarga yetdi (15 foiz). Ularning 22 nafari rahbar sudyalik lavozimlariga tayinlangan. Ayol sudyalarimizning 3 nafari Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi.
Kengash faoliyatida rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlarni shakllantirish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda 2024 yilda 200 nafar sudya test sinovlaridan o‘tkazilib, eng yuqori ball olgan 60 nafari tumanlararo, tuman (shahar) sudi raisi va rais o‘rinbosari lavozimi uchun zaxiraga olindi. Ular uchun ikki oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
2024 yilda 40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ularning 19 nafari o‘z arizasiga ko‘ra, 11 nafari sudyalik qasamyodini, 10 nafari Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod qilgan.
Sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Buning natijasida 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 2 holat o‘rganilmoqda. Shuningdek, 10 nafar sudyaga nisbatan yetarli asoslarsiz qo‘llangan intizomiy jazo choralarini bekor qilish yuzasidan tegishli malaka hay’atiga taqdimnoma kiritildi.
2024 yilda Sudyalar oliy kengashi faoliyatida xalqaro hamkorlik rivojlandi. Singapurda bo‘lib o‘tgan Sud boshqaruvi xalqaro assotsiatsiyasi (IACA) konferensiyasida Sudyalar oliy kengashi ushbu xalqaro tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Shu tariqa, Sudyalar oliy kengashi a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paydi. 2022 yilning oktyabr oyida kengash Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti (IOJT) a’zoligiga qabul qilingan edi.
Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting baholash dasturi yanada takomillashtirildi. An’anaga muvofiq, eng yuqori reyting-ballga ega sudyalar “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanib kelinmoqda. 2024 yil natijalariga ko‘ra, 18 nafar sudya ushbu mukofotga loyiq, deb topildi.
Reyting ko‘rsatgichlari past sudyalar faoliyati tahliliy o‘rganilib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sudyalarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishida rioya qilishi shart bo‘lgan axloq-odobiga oid talablarni aniqlashtirish, amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lgan normalarning takrorlanishiga chek qo‘yish hamda yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida Sudyalar odobi kodeksi yangi tahririda qabul qilinib, uch tilda nashr etildi. Mazkur hujjatda aks etgan qoidalarni kengroq tushuntirish, huquqiy, ijtimoiy, ma’rifiy ahamiyatini izohlash maqsadida “Sudyalar odobi kodeksiga sharhlar” nomli yana bir kitob bosmadan chiqdi.
N.Abduraimova, O‘zA