Voleybol: chempionat bahslarini chet ellik mutaxassislar kuzatib boradi

245

Poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-tur bahslari boshlandi.

Kecha chempionat oldidan qur’a tashlash marosimi va texnik qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev olib borgan yig‘ilishda chempionatda 21 ta jamoa ishtirok etayotgani, o‘yinlarni o‘tkazish tartibi, hakamlik, jamoalarning uchrashuvlarga o‘z vaqtida kelishi kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida musobaqalarni kuzatib borish, iqtidorli voleybolchilarni aniqlash, terma jamoalarga jalb etish masalasida O‘zbekiston voleybol federatsiyasida ish olib borayotgan chet ellik murabbiylar Mixail Kavalenko va Moro Branislavga zarur tavsiyalar berib o‘tildi.

Chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 21 ta voleybol jamoalari ishtirok etmoqda.

– 2025 yil mamlakatimizda voleybol bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun musobaqa va turnirlarga boy tarzda boshlandi. O‘tgan ikki oy davomida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining viloyat boshqarmalari, tuman bo‘limlari, alohida bo‘linmalarining ko‘magida joylarda turli yosh toifalaridagi chempionatlar o‘tkazildi. Ushbu musobaqalar ishlab chiqilgan taqvim rejaga asosan davom etmoqda. Kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatining 1-tur o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, chempionatni O‘zbekiston terma jamoasida faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijiy murabbiylar bevosita kuzatib boradi. Maqsad mahoratli yoshlarni tanlab olish, terma jamoaga jalb etish. O‘ylaymanki, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasida yaqin yillarda yurtimiz voleybol jamoalari ham xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishishga kirishadi, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov.

Qur’a natijalariga ko‘ra, bugun kunning birinchi yarmida 7 ta juftlikdagi jamoalar o‘zaro kuch sinashadi.

Chempionat 28 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA