Yevropa ligasida pley-off bosqichi uchrashuvlari yakunlandi

247

Kecha tunda futbol bo‘yicha Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi musobaqalarining pley-off bosqichidan o‘rin olgan bir qator javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvlar orasida biz uchun ahamiyatlisi “Roma“ va “Portu“ klublari o‘rtasidagi javob uchrashuvi bo‘ldi. Sababi, ushbu bahsda O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov “Roma” klubi safida asosiy tarkibda maydonga tushdi va 78 daqiqa harakat qildi.

78 daqiqa futbolchimiz ajoyib harakat qildi va jamoasining birinchi goliga assistlik qildi. Shuningdek, ikkinchi bo‘limda uning goli inobatga olinmadi. Uning bu harakatlari “SofaScore” nashri tomonidan 7,1 bahoga loyiq ko‘rildi.

Darvoqe, bu o‘yinda “Roma” 3:2 hisobida zafar quchdi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, umumiy 4:3 hisobidagi g‘alaba bilan 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi.

Uchrashuvdan so‘ng, “Roma” jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri Eldor Shomurodov haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

«U gol urmaganidan xafa bo‘ldim. Chunki, Eldor Shomurodov maydonda juda ko‘p harakat qiladi, u mehnat qilishdan to‘xtamaydigan  futbolchi. Men uni yaxshi ko‘raman. U har doim hammaga yordam berishga tayyor. U nafaqat qattiq mehnat qiladi, balki uning texnikasi va maydonni ko‘rish qobiliyati ham yuqori».

Yevropa ligasi pley-off bosqichidan “FKSB” (Ruminiya), “Roma“ (Italiya), “AZ Alkmar” (Niderlandiya), “Bude-Glimt“ (Norvegiya), “Real Sosedad“ (Ispaniya), “Viktoriya“ (Chexiya), “Fenerbaxche“ (Turkiya) va “Ayaks“ (Niderlandiya) klublari muvaffaqiyatli o‘tdi.

Endi bu klublar umumiy bosqich orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l olgan – “Latsio” (Italiya), “Atletik” (Ispaniya), “Manchester Yunayted”, “Tottenxem” (ikkalasi — Angliya), “Ayntraxt“ (Germaniya), “Lion“ (Fransiya), “Olimpiakos“ (Gretsiya) va “Reynjers“ (Shotlandiya) kabi jamoalarga qarshi bahs olib boradi.

Shuningdek, Konferensiyalar ligasi pley-off bosqichining javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va 1/8 finalning barcha ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, “Pafos“ (Kipr), “Betis“ (Ispaniya), “Borats“ (Bosniya va Gersegovina), “Kopengagen“ (Daniya), “Molde“ (Norvegiya), “Sele,“ (Sloveniya), “Panatinaikos“ (Gretsiya), “Yagelloniya“ (Polsha) jamoalari pley-off bahslarida g‘alaba qozondi.

Umumiy bosqich yakunlariga ko‘ra, turnir jadvalida dastlabki 8 o‘rinni egallagan “Chelsi“ (Angliya), “Vitoriya Gimaraes“ (Portugaliya), “Fiorentina“ (Italiya), “Rapid“ (Avstriya), “Yurgorden“(Shvetsiya), “Lugano“ (Shveysariya), “Legiya“ (Polsha) va “Serkl Bryugge“ (Belgiya) jamoalari 1/8 finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgandi.

Endi mazkur ikki turnirning 1/8 final bosqichi uchun qur’a tashlanadi. Ushbu tadbir bugun, 21 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Har ikkala musobaqaning nimchorak final o‘yinlari 6 va 13 mart kunlari tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA