Bank tugatilayotganda kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiyalarni to‘lash muddati qisqartiriladi

162

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan asosiy o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Markaziy bank tomonidan Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda xalqaro standartlar asosida “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Ushbu qonun bilan kafolatlangan omonat miqdori bitta bankda bir omonatchiga 200 million so‘m etib belgilandi.

Kafolatlangan omonat miqdori 200 million so‘mni tashkil etishi bankka undan ko‘proq pul qo‘yish mumkin emasligini anglatmaydi.

Omonatni bu miqdorda kafolatlash bank tugatilgan taqdirdagina qo‘llaniladi, aks holda banklar omonatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnoma asosida bajaraveradi.

Mazkur qonun talablari u kuchga kirgunga qadar aholining bankka quyilgan muddatli va jamg‘arma omonatlariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi negizida Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘lari yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash maqsadida ularni yuqori likvidli aktivlarga investitsiya qilinishi mumkinligi belgilangan.

Umuman olganda, pullarni bankda saqlash, ularni uyda saqlashdan ancha xavfsiz va manfaatlidir. Zero mamlakatimiz bank tizimi barqaror rivojlanmoqda, kapital va likvidlilik holati xalqaro talablarda belgilanganidan ko‘ra yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA