O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

20 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi kunida dastlab “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yo‘lida tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim o‘rin tutmoqda.
Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilishi, masjid va madrasalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, an’anaviy bayramlarining o‘tkazilayotgani buning yaqqol dalilidir.
E’tiborlisi, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Ulug‘ ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, o‘z faoliyatlarini ko‘rsata boshladi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun va Konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Shuningdek, ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin yalpi majlisda “Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonunda bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish sharoitlarida tadbirkorlik sub’ektlarini moliyalashtirishning yangicha va muqobil vositalarini ishlab chiqish, ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlariga kafolat tarzida yordam ko‘rsatish sohasini kengaytirish, bank kreditlariga muqobil bo‘lgan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Xususan, mazkur qonunga ko‘ra faktoring ob’ekti sifatida yuridik shaxsga yoki tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan kelib chiqadigan pul talabnomasini belgilash, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qilish va mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Faktoringda qarzdorning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida moliya agenti tomonidan to‘lov amalga oshiriladigan davlat va valyuta turi o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, faktoringda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalarni garov reyestrida ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Mazkur hujjat bilan tadbirkorlik sub’ektlariga kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyatini bajarish bo‘yicha kafolatlar (kafilliklar) berish faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi kafolatlar berish tashkiloti hamda faktoring xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan faktoring tashkiloti institutlari joriy etilmoqda.
Endilikda qonunga asosan ustav fondining eng kam miqdori kafolatlar berish tashkiloti uchun 100 milliard so‘m, faktoring tashkilotlari uchun esa 2 milliard so‘m etib belgilanmoqda. Mazkur tashkilotlar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkaziladi, ularning faoliyati Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi va nazorat qilinadi.
Qonunda nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni yumshatish va takomillashtirish nazarda tutilib, ularni aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi mumkinligi, ularning ustav fondidagi ulushning 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan qismini bevosita yoki bilvosita olganda Markaziy bankni xabardor qilish, 20 va undan ortiq foizini olganda esa Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shartligi belgilanmoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, biznesni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari turlarining ortishiga, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishning yangi yo‘nalishlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonunga binoan jismoniy shaxslar bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlashga bo‘lgan huquqlar, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari, shuningdek, kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzganligi uchun javobgarlik belgilanilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning xabarisiz kredit mablag‘larini ularning nomiga rasmiylashtirish va mazkur kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlarining oldini olishga qaratilgan mexanizmni yaratishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qonunda fuqaroning kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligi, taqiqlash (taqiqni bekor qilish) to‘g‘risidagi arizaning holati haqida axborot olish hamda berishda kredit byurolariga nisbatan huquq va majburiyatlar, ularga nisbatan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar ham aks ettirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi fuqarolar ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimini rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida kredit byurosiga ariza kiritish orqali fuqaro bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkonini beradi.
Muhokamadan so‘ng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va valyutani tartibga solish liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini va valyutani tartibga solishni liberallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra tadbirkorlik sub’ektlari ayni bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortiladi.
Jumladan, tadbirkorlar xodimlar sonini yashirganlik, tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik va fiskal belgilarni aks ettirmaganlik kabi aynan bir huquqbuzarlik uchun ham moliyaviy jarimaga, ham ma’muriy jarimaga tortilishi mumkin.
Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning qonunda belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini ta’minlashga oid talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida ushbu holatlarda qo‘llaniladigan uch bosqichli 50 foizlik jarima qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda. Uning o‘rniga qaytmagan aktivlarning 20 foizi miqdorida bir martalik moliyaviy jarimani qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.
Ushbu qonunda loyihalashtirish, asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni yetkazib berish, asbob-uskunalarni o‘rnatish hamda qurilish-montaj ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish (xizmatlarni ko‘rsatish) yuzasidan investitsiya loyihalari doirasida tuzilgan kontraktlarda belgilangan muddat 180 kundan ortiq bo‘lsa, mazkur kontraktdagi muddatlar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokama qilingan qonun bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralarining huquqbuzarlik harakatiga mutanosibligini ta’minlash orqali tadbirkorlik sub’ektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olish belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida soliq ma’muriyatchiligi yanada takomillashtirilib, normalar amaliyotda ikki xil talqin qilinishining oldi olinadi va bir xilda qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtiriladi, bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari samarali himoya qilinishiga hamda ortiqcha xarajatlari kamaytirilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, Senatning yalpi majlisida “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda yer uchastkalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash, yashil maydonlarni kengaytirish orqali aholiga qulay ekologik sharoit yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik, shaharsozlik reglamentlari talablariga rioya etilishini ta’minlash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning yer uchastkalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, respublikada istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar hududlarini hamda ularda ekilgan daraxtlar muhofaza qilinishini kuchaytirish, ushbu hududlarda bino va inshootlar qurilishining oldini olish choralarini ko‘rish lozim.
Qonun bilan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishi, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, hududlarini qisqartirish, ularda bino va inshootlar qurish taqiqlanishi qat’iy belgilanmoqda.
Ushbu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi, botanika bog‘larini xususiylashtirish va ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, qonun bilan Yer kodeksi alohida bob bilan to‘ldirilib, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartibi tatbiq etilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, qonunning qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish, yer fondining barcha toifalaridagi yer uchastkalarini bozor va kadastr baholash sifatini yaxshilash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligini va sohada nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, botanika bog‘lari va ularning yerlarini begonalashtirish, hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirishni taqiqlaydi hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshiradi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning yalpi majlisida “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qurilish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi, qurilish ob’ektlarining maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi natijasida atmosfera havosi yomonlashmoqda.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda respublikamizda 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga 50 tonnagacha chang va qum havoga ko‘tariladi.
Aslida, qurilish hududlari, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan.
Biroq milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.
Shu sababli mavjud vaziyat qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilanishini taqozo etmoqda.
Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Endilikda o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, agar shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi binolar, inshootlar va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash davrida atmosfera havosiga tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishining oldini oladi. Atrof-muhitning ekologik musaffoligini saqlash, fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlaydi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati