O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida

191

So‘nggi yillarda jahondagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari yurtimiz bilan bog‘liq voqea-hodisalar tafsilotiga keng o‘rin ajratmoqda. Masalan, shu kunlarda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozli kreditlar, tashabbuskor yoshlarimizning startap loyihalari, Chirchiq texnoparkida rus kompaniyasi bilan hamkorlikda plyonka ishlab chiqaruvchi korxona ochilgani, Seuldagi elchimizning “The Korea Post” nashri rahbariyati bilan uchrashuvi, Bahrayn moliya vaziri va O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rtasidagi muloqot kabi mavzularga alohida qiziqish bildirilgan.

“The London Post”: O‘zbek yoshlari uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda

– O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, 100 million dollar mablag‘ ajratildi, – deb yozgan Buyuk Britaniyaning nufuzli “The London Post” nashri. – Yosh tadbirkorlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, tashabbuskor yoshlar startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya yo‘naltiriladi. Shuningdek, “Aloqabank” tomonidan sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kichik loyihalar uchun 5 yil muddatga 100 million so‘mdan 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Ushbu mablag‘ning kamida 30 foizi ayollarga yo‘naltiriladi. Xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishi tadbirkorlari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni ishga joylashtirgan va oyiga kamida 3 million so‘m to‘lagan taqdirda, 1 foiz stavkada ijtimoiy soliq to‘laydi. Ushbu imtiyoz 3 yil davomida amal qiladi. Hududlarda ixtisoslashgan chet tili o‘qitish markazi ochgan “C1” darajasiga ega tashabbuskor yoshlarga yangi jamg‘arma hisobidan 120 million so‘mgacha foizsiz kredit ajratiladi.

Maqola muallifi qayd etishicha, yoshlarning qiziqishi va ehtiyojini barvaqt aniqlash, ularning salohiyatini monetizatsiya qilish, sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga jalb etish asosida mamlakatda “raqamli ijtimoiy ekotizim” yaratiladi. Qolaversa, xorijda o‘qib qaytgan o‘zbek yoshlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va davlat idoralariga tanlovsiz ishga qabul qilinadi. Iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti og‘irligi sababli xorijda o‘qish imkoniga ega bo‘lmagan kadrlarni tayyorlashning yangi tizimi – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi.

Yeni Musavat: Ozarbayjon va O‘zbekiston harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi

Bokuda nashr etiladigan yetakchi ommaviy axborot vositalardan biri “Yeni Musavat” BAA Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “IDEX-2025” xalqaro mudofaa ko‘rgazmasi doirasida Ozarbayjon mudofaa sanoati vaziri Vugar Mustafoyev va O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi direktori Mansurjon Ibodullayev uchrashuvi haqida yozgan.

Muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbolini muhokama qilib, bir qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashgan.

Ma’lum qilinishicha, suhbat yakunida Ozarbayjon Mudofaa sanoati vazirligi huzuridagi “Azersilah” mudofaa-sanoat xoldingi” yopiq aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan.

TASS: Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda polimer plyonka ishlab chiqaradigan korxona tashkil etdi

RF TASS axborot agentligi Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan texnoparkda Rossiyaning “Polimer” kompaniyasi polimer plyonka ishlab chiqaruvchi korxona ochgani haqida maqola chop etdi.

Xabarda aytilishicha, loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 5 million dollar sarmoya kiritilib, 35 ish o‘rni yaratilgan.

O‘zbekiston – Rossiya texnoparkida tashkil etilgan korxonani ishga tushirish marosimida mamlakatimiz mutasaddi vakillari va RF savdo missiyasi a’zolari ishtirok etdi.

– Innovatsion mahsulot yaratish, do‘st mamlakatlar yangi bozorlarini o‘zlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutuvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz, – dedi Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili o‘rinbosari Igor Kaminin korxona ochilishi marosimida. – Texnoparklarda qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish mamlakatlarimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.

“The Korea Post”: O‘zbekiston elchisi “The Korea Post” vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Janubiy Koreyaning “The Korea Post” jurnali rahbari Nara Song va mamlakatimizning Seuldagi elchisi Alisher Abdusalomov uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda mazkur nashr xabar bermoqda.

Madaniy va iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilingan muloqot chog‘ida diplomatimiz “Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish” degan o‘zbek maqolini yodga olib, “Agar uch marta uchrashsak, do‘st va birodar bo‘lamiz” deya qo‘shimcha qildi. Bu ibora “The Korea Post” jurnali va elchixonamiz o‘rtasidagi munosabatga ham taalluqli ekani ta’kidlanib, bundan buyon hamkorlik izchil davom etishiga umid bildirildi.

Elchi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy almashinuv tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi. Uning fikricha, bu ikki davlat o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi.

Suhbat yakunida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro yig‘inlarda “The Korea Post” muxbirlari ishtirokini ta’minlash, diplomatik vakolatxona tomonidan o‘tkaziladigan madaniy forumlar, mamlakatimiz delegatsiyalarining Janubiy Koreyaga tashriflarini mazkur nashr sahifalarida keng yoritish xususida fikr almashildi.

Al Watan: Bahrayn vaziri O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri bilan uchrashdi

Bahraynning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri “Al Watan” gazetasi Saudiya Arabistonida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ushbu arab davlati moliya vaziri Salmon Al Xalifa bilan uchrashuv o‘tkazgani haqidagi materialni o‘quvchilari e’tiboriga taqdim etdi.

Muloqot chog‘ida Bahrayn Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik va qo‘shma muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan, ikki do‘st davlat o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlik asosini mustahkamlash yo‘llari, umumiy manfaatga ega qator mavzular, jahon iqtisodiyotidagi so‘nggi o‘zgarishlar muhokama qilingan.

– Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti konferensiyasi doirasida tashkil etilgan suhbat davomida tomonlar iqtisodiy hamkorlik istiqboli yuzasidan fikr almashib, taraqqiyotni rag‘batlantirish, infratuzilma loyihalarini shakllantirish hamda Bahrayn moliyaviy kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qildi, – deb yozgan nashr.

O‘tkir Alimov tayyorladi.

O‘zA