Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

159

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Qo‘mita hamda Fanlar akademiyasi va Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandumni imzolashdan maqsad mazkur sohalarda qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirishdir. Qolaversa, huquqiy madaniyatni oshirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘mita faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Yig‘ilish davomida qonun loyihalarini ishlab chiqishda nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish, qonun loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash jarayonida takliflar almashish kabi bir qator yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, qo‘mita tegishli vazirlik, Fanlar akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot instituti yuborgan takliflarni muntazam o‘rganib, tahlil qilib, qonun ijodkorligi sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash kabi muhim masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

N.Rahmonova, O‘zA