Hindiston poytaxti Dehli shahrida joylashgan “Yashobhoomi Expo Center” majmuasida Janubiy Osiyo mamlakatlari turizm yarmarkasi – SATTE bo‘lib o‘tmoqda.

2 000 dan ziyod stendni birlashtirgan, bu gal dunyo bo‘ylab 40 000 dan ziyod ishtirokchini jalb qilgan mazkur ko‘rgazma sayohat sanoatidagi eng yirik anjumanlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

32 yildan buyon muntazam o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirning ochilish marosimida, odatdagidek, ko‘plab yirik kompaniyalar rahbarlari, turizm tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda. Yuqori martabali mehmonlar SATTE ko‘rgazmasining imkoniyati, kelgusi rejalar xususida fikr bildirdi. Yuqori darajada tashkil etilgan marosimda ilk bor mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari – Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev so‘zga chiqib, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, jumladan sayohlik sohasidagi hamkorlik masalasiga to‘xtaldi:

– Ko‘p ming yillik aloqalarimiz, mushtarak tariximiz, boy umumiy madaniy merosimiz chambarchas bog‘liq. Xususan, turizm sohasidagi hamkorligimiz ham shu yaqin do‘stlikni tobora mustahkamlamoqda. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning bu ajoyib anjumandagi ishtiroki hamkorlikni chuqurlashtirish, xalqlarimizni yanada jipslashtirish uchun yana bir imkoniyat.

Bu yilgi dasturdan Yetakchilar sammiti, maxsus golf musobaqasi, Eksport xizmatini rivojlantirish kengashi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan “Atiti” loyihasi kabi qiziqarli tadbirlar o‘rin olgan. Shuningdek, qator yangi tashabbuslar ishtirokchilarni jarayonga yanada faol jalb qilish maqsadini ko‘zlaydi.

Xorijiy mutaxassislar fikricha, xalqaro yarmarka stendlar taqdimoti bilan birga sohada innovatsiyani rivojlantirish, yangi tarmoqlar yaratish sari qo‘yilajak dadil qadamlar sifatida namoyon bo‘ladigan turli dasturlarni ham qamrab olgan.

– Maqsadimiz faqat biznesni yo‘lga qo‘yish uchun maydon taqdim etish emas, balki sanoat yetakchilariga innovatsion yechimlarni o‘rganish, o‘sish imkoniyatidan foydalanib, kelgusida muntazam sayohatlar tashkil etishga xizmat qiladigan samarali aloqalar o‘rnatish, – deydi ko‘rgazma guruhi rahbari Pallavi Mehra.

Darvoqe, Turizm qo‘mitasi tomonidan respublikamizning Hindistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan milliy stendimizda O‘zbekistonning o‘nta yirik turoperatori va agentligi jozibador sayyohlik yo‘nalishlari, yurtimizning madaniy jihatdan diqqatga sazovor joylari va yangi infratuzilma obektlarini namoyish etmoqda.

Milliy pavilonimiz xususida keyinroq alohida ma’lumot beramiz.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA muxbiri

Dehli, Hindiston