Yoshlar parlamenti yoshlar hayotiga daxldor masalalar yechimi bo‘yicha izchil faoliyat yuritadi

181

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni yoshlar bilan muloqot qilganida farzandlarimiz uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida yoshlar masalasiga e’tibor qaratilib, shu yo‘nalishda qo‘yilayotgan vazifalar ijrosida parlamentning o‘ziga xos o‘rni borligi qayd etildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, ularning muammolarini aniqlash va hal qilish yuqori palataning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi. Aynan shu maqsadda Senat huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan. Ular yoshlar huquqlariga oid me’yorlar takomillashtirilishi, yoshlar hayotiga daxldor masalalar yechimi bo‘yicha izchil faoliyat yuritmoqda.

– Yaqinda yoshlar parlamentining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda Laylo Aslonova ushbu tuzilmaning raisi etib saylandi, – dedi T.Norboyeva. – Biz yosh hamkasblarimiz bilan oldimizda turgan ustuvor vazifalar, birgalikda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan muhim yo‘nalishlarni atroflicha muhokama qilib oldik. Xususan, qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etish, ayniqsa yoshlar bilan muntazam muloqot qilib, ularning muammolarini aniqlash (bandlik, tadbirkorlik, ta’lim va h.k.), tizimli tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha qonunchilik takliflarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish zarur.

Yoshlar parlamenti a’zolari ayni paytda xalq deputatlari ekanidan kelib chiqib, Senat va mahalliy kengashlarning uzviy hamkorligini ta’minlash, parlament nazorati tartibida birgalikda o‘rganishlar, tadqiqot va tahlillar o‘tkazish, hududlar manfaatlariga doir asoslangan taklif va tashabbuslarni ilgari surishda faollik ko‘rsatadi.

Qo‘mita va komissiyalar o‘z faoliyatida Yoshlar parlamenti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Ish rejalarini shakllantirishda ularning ham takliflarini inobatga oladi. Hududlarda bo‘ladigan parlament nazorati tadbirlariga, shuningdek, xalqaro parlamentlararo muloqotlar (tashriflar, anjumanlar)ga Yoshlar parlamentining joylardagi a’zolarini faol jalb qiladi. Tegishli soha va yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalarida Yoshlar parlamenti a’zolarining g‘oya va tashabbuslari e’tiborga olinadi.

N.Abduraimova,

O‘zA