YeCHL: “Real” g‘alaba qozongan o‘yinda Abduqodir Husanovning ko‘rsatkichlari qanday bo‘ldi?

307

Kecha Yevropa chempionlar ligasining pley-off javob o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Tunda o‘tkazilgan to‘rt uchrashuv orasida eng kutilgani “Real Madrid” — “Manchester Siti” klublari bahsi bo‘ldi va o‘yin 3:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvda “Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe xet-trikka erishgan bo‘lsa, so‘nggi daqiqalarda Niko Gonsales “MS”ning yagona goliga mualliflik qildi. Shu tariqa “Qirollik klubi” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 6:3 hisobida g‘alaba qozonib, 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi.

Yurtimizda “Real Madrid”ning muxlislari ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, “Manchester Siti” tarkibida Milliy terma jamoamiz a’zosi hisoblangan Abduqodir Husanov borligi barcha vatandoshlarimizni ushbu klubga muxlislik qilishga chorlamoqda.

UEFAning eng nufuzli turniri – Chempionlar ligasi bu mavsum yangi formatda o‘tkazilmoqda. Ushbu turnirda ishtirok etgan yagona o‘zbek futbolchisi – Abduqodir Husanov ilk bor Yevropa chempionlar ligasining pley-off bosqichida o‘ynadi. Bu, 20 yoshli himoyachimizning “Manchester Siti” safida xalqaro miqyosdagi debyuti bo‘ldi.

Shuningdek, Abduqodir yana bir tarixiy natija qayd etdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, futbolchimiz Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Real”ga qarshi o‘yinda debyut qilgan ikkinchi eng yosh o‘yinchi bo‘ldi. Bellashuv o‘tkazilgan sanada legionerimiz 20 yoshu 356 kunlik edi. Avvalgi rekord 2014 yil o‘rnatilgan bo‘lib, “Shalke” futbolchisi Kaan Ayxan 19 yoshu 128 kunligida “Real”ning uy stadionida maydonga tushgan.

Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov uchrashuv davomida muxlislar kutganidek Vinisius Juniorga gol urish imkonini bermadi. Ammo qolgan jamoadoshlari Kilian Mbappega qarshilik ko‘rsatishda ojiz qoldi. To‘g‘ri, ikkinchi golda biroz Abduqodirning aybi bordek ko‘rinishi mumkin. Ammo, tezkor hujumda u ikkita tajribali o‘yinchiga qarshi yakkalanib qolganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Umuman olganda o‘zbek o‘g‘loni debyut uchrashuv uchun yaxshi o‘yin namoyish eta oldi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 20 yanvar kuni “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan beri uchta nufuzli musobaqa – Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Yevropa chempionlar ligasi pley-offida debyut qilgan yagona o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda qoldi.

Darvoqe, ushbu bellashuv davomida hamyurtimiz Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi va “Sofascore” portali tomonidan 6.8 ballga loyiq ko‘rildi.

Quyida uning mazkur o‘yinda qayd etgan statistikasi bilan tanishasiz:

To‘pni uzoqlashtirish – 3;

Paslar – 53/57 (93%);

Kesib o‘tuvchi uzatma – 1;

Yakka kurashlardagi ustunlik – 2/4;

To‘pni yo‘qotish – 6;

Qoidabuzarlik – 1;

Zarbalar – 1/1;

Dribling – 1/1;

To‘pni tortib olish – 1;

Chempionlar ligasining qo‘shimcha pley-off bosqichidan o‘rin olgan “PSV” — “Yuventus” bahsi qiziqarli o‘tdi. Asosiy vaqtda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra kuchlar teng kelgani bois, qo‘shimcha bo‘limga murojaat qilindi. Unda mezbonlar vakili Flamingo gol urib, “PSV”ning g‘alabasini ta’minladi.

“PSJ” esa “Brest”ni qabul qilib, raqib darvozasini javobsiz 7 bor ishg‘ol qildi. Mazkur o‘yindan so‘ng “PSJ” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 10:0 hisobida zafar quchdi. “Borussiya Dortmund” — “Sporting” o‘yinida hisob ochilmadi. Ushbu qarama-qarshilikning ilk o‘yinida Germaniya klubi 3:0 hisobida zafar quchgani sababli nimchorak finalga chiqdi.

Musobaqaning pley-off bosqichidan “Borussiya D” (Germaniya),“Real” (Ispaniya), “Bavariya” (Germaniya), “PSV” (Niderlandiya), “PSJ” (Fransiya), “Benfika” (Portugaliya), “Feyenoord” (Niderlandiya) va “Bryugge” (Belgiya) klublari muvaffaqiyatli o‘tdi.

Nimchorak finalda 1-8-o‘rinni egallagan jamoalarga tushish ehtimoli mumkin bo‘lgan klublar:

“Liverpul” / “Barselona” – “PSJ”/“Benfika”,

“Arsenal” / “Inter” –“PSV”/ “Feyenoord”

“Atletiko” / “Bayer” – “Real”/ “Bavariya”,

“Lill” / “Aston Villa” – Borussiya”/“Bryugge”.

Ma’lumot o‘rnida: Yevropa chempionlar ligasi 2024/25 mavsumining 1/8, 1/4 va 1/2 final bosqichlari uchun qur’a tashlash marosimi 21 fevral kuni Non shahrida bo‘lib o‘tadi. Marosim Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi. Musobaqaning 1/8 final bosqichi 4 – 5 va 11 – 12 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA