Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

260

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish, sohada yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha fikr va takliflarni eshitish maqsadida fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashdi.

Unda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlar asosida qishloq xo‘jaligi sohasi, jumladan, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha yaratib berilayotgan imkoniyatlar hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor ta’kidlandi. Shuningdek, 2025 yilda go‘sht, sut, parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi loyihalarni ishga tushirish orqali sohani yanada rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

*** 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Kattiag‘ar” massivi hududida 56,29 gektar yer maydonida Galofit o‘simliklari botanika bog‘i tashkil etiladi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish, tuproq ekotizimini tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, sho‘rlanish va sho‘rlanishga moslashgan o‘simliklarni tadqiq etish, ularning turlarini ko‘paytirish va tajriba-sinovlaridan o‘tkazishdir. Shuningdek, ekoturizmni yo‘lga qo‘yish va noyob o‘simlik turlariga qiziquvchi sayyohlarni jalb qilishdan iborat

*** 

Bosh prokuraturaning Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan Orolbo‘yi aholisi uchun videokonferensiya aloqa vositasi orqali ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi mas’ullari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qabulda 10 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxsning murojaati tinglandi. Ulardan 3 tasi ijobiy hal qilindi. Qolgan murojaatlar qo‘shimcha o‘rganishni talab etganligi sababli ish yurituviga olindi.

*** 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli, Mo‘ynoq va Bo‘zatov tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.

Jumladan, fuqarolar R.D., M.A. va I.J. o‘zlarining xonadonlarida umumiy foydalanishdagi elektr va gaz tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, jami 588,2 million so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri