Islohotlar inson qadri va manfaati uchun
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilishi natijasida aholining axborotga bo‘lgan ehtiyoji qondirilib, yurtimizda yuz berayotgan yirik o‘zgarish va yangilanishlar jurnalistlarimiz tomonidan batafsil yoritib borilmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashining qo‘llab-quvvatlashi asosida Chimboy tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab “Tazg‘ara” ovul fuqarolar yig‘ini aholisining bugungi hayoti, “mahalla yettiligi” va hudud faollari uchun yaratilgan sharoitlar, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari va 52-sonli oilaviy poliklinikada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ovul fuqarolar yig‘ini binosining zamonaviy usulda yangidan barpo etilishi, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari qad rostlashi, 6 km masofadagi ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizilishidan aholi vakillari mamnun. Ushbu mahallada joylashgan 52-oilaviy poliklinika 5 ming nafarga yaqin qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda. Poliklinika kapital rekonstruksiyadan so‘ng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, elektron navbat tizimi joriy etildi. Tez yordam xizmatining uchta brigadasi tashkil etilib, birlamchi tibbiy-sanitariya va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni kompleks davolash uchun barcha sharoit yaratildi.
Hudud aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ayniqsa, tomorqachilikni yanada rivojlantirish, xonadonlarda uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, ko‘chatchilik kabi faoliyat turlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
– Jami 43 sotix yerda dehqonchilik qilamiz, – deydi tajribali tomorqachi Ahmed Smetov. – Asosiy mutaxassisligim fizika fani o‘qituvchisi bo‘lsa ham, ota kasbini davom ettirgan holda tomorqachilik bilan ham shug‘ullanaman. O‘tgan yili tomorqadan 100 million so‘mdan ziyod daromad oldik. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tgan yilning dekabr oyida Nukus shahrida o‘tkazilgan hosil bayramida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tomonidan multikultivator bilan taqdirlandim. Kelgusida baliqchilik bilan ham shug‘ullanishni ham maqsad qilganmiz.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tumandagi “Ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish borasida tumanida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari “Shaxtemir” va “Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlarida milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayogan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, “Shaxtemir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 41-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida, maktabga 3 milliard 868 million so‘mlik mablag‘ ajratilib, 180 o‘quvchiga mo‘ljallangan yangi bino qurib berildi. Shuning natijasida maktab o‘quvchilarining sifatli ta’lim olishi uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.
Tumandagi “Lanextrarkt” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasi qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yilning o‘zida Xitoyga 8,5 million AQSH dollarlik mahsulot yetkazib berildi. Korxonada uch smenada 300 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Kelgusida chiqindilardan briket ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida hududdagi muassasa, korxona va tashkilot rahbarlari ishtirokida tumanni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2024 yilda bajarilgan ishlar va 2025 yilga belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda tumanda qurilish, obodonlashtirish va bunyodkorlik, shu jumladan, uy-joy, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilda tijorat banklari tomonidan barcha moliyaviy manbalar hisobidan 8 ming 691 ta sub’ektga 187,7 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. “Ishga marhamat” monomarkazi Chimboy tumani filiali tomonidan mahallalardagi 639 nafar ishsiz va kambag‘al fuqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida tumandan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘li bo‘ylab ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish, parvarishlash va atrofini yovvoyi o‘tlardan tozalash, ichki ko‘chalarga bahor mavsumida 530 ming hamda kuz mavsumida 350 ming tup manzarali hamda mevali nihol, qalamchalar ekish ishlari olib boriladi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Baxtli, Do‘stlik, Ko‘kchi qal’a, Temir yo‘l guzari mahallalarida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish, “Sayxunobod” tajribasi asosida 400 nafar xotin-qizni o‘qitish, shundan, 350 nafarini tadbirkorlik hamda 50 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lgan 42 nafar xotin-qizga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashish belgilangan.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA