To‘qqiz oyga qamaldi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi qayd etilgan.
Shunga qaramasdan, oramizda o‘z otalik burchini lozim darajada bajarmasdan, hattoki uni bajarishdan bo‘yin tovlab, aliment pullarini vaqtida to‘lamasdan yurgan insonlar ham uchraydi. Ularning javobgarlik masalasi Byuro organlari tomonidan hal etilib kelinmoqda. Shu kabi holatlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida sodir bo‘ldi.
Majburiy ijro byurosi Qorao‘zak tuman bo‘limi ish yurituvidagi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining 2014 yil 5 martdagi ijro hujjatiga asosan B.M.ning foydasiga uning tarbiyasidagi bir nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun qarzdor U.Q.ning har oydagi jami daromadining ¼ qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Aliment to‘lovlari muntazam ravishda to‘lab kelinmaganligi oqibatida uning qarzi 60 million so‘mdan oshib ketgan. Shu sababli bo‘lim tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq qarzdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning javobgarlik masalasini hal etish maqsadida to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tuman sudiga yuborildi.
Ish materiallari sudda ko‘rib chiqilib, qarzdor U.Q.ga aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan harakati uchun 9 (to‘qqiz) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri