Vagonlarga yashirilgan tamaki (+video)

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oldindan olingan tezkor ma’lumot asosida “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l bekatiga kirib kelgan “Volgograd-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi ko‘zdan kechirildi.
Tarkibning 5-sonli vagoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning tag qismidagi 300 volt kuchlanishli quti orqasiga jami 500 quti aksiz markalariga ega bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan “Chapman” nomli tamaki mahsuloti xufiyona ravishda yashirib olib kirilayotganligi fosh etildi.
Shunday yana bir g‘ayriqonuniy harakat mazkur yo‘lovchi poyezdining 13-sonli vagonida ham aniqlandi.
Rossiya Federatsiyasidan kirib kelgan poyezdning vagon kuzatuvchisi yo‘lovchi vagonning tambur qismidagi ko‘mir solish uchun mo‘ljallangan sandiq ichiga xufiyona ravishda yashirilgan jami 280 quti “Chapman” nomli tamaki mahsulotini hech qanday hujjatlarsiz olib kelayotganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri