Partiya elektorati vakillari manfaati doimo e’tiborda

144

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Sayyora Imomova O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limiga tashrif buyurib, partiya elektorati vakillari bo‘lgan nogironligi bor shaxslarning manfaatlarini himoya qilishda va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan tanishdi.

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Parshagul Dauletiyarova bilan ochiq muloqotda nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasida takliflar bildirildi.

Deputat O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston bo‘limi qoshida tashkil etilgan tikuv sexida ham bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur sexda ishchilar uchun maxsus kiyimlar, o‘quvchilar uchun maktab formalari, aholi uchun ko‘rpa, yostiq va ko‘rpachalar tikish uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, buyurtma asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sayyora Imomova Nukus shahridagi 27-sonli va 34-sonli umumta’lim maktablardagi inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar faoliyatini o‘rgandi. Ushbu maktablarda maxsus pedagoglar bilan birga o‘quvchilarning dars xonalari, maxsus inventarlar, o‘quv qurollari bilan ta’minlanishini va inklyuziv ta’lim olayotgan o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Deputat maktab rahbariyati va maxsus pedagoglar bilan ochiq muloqot chog‘ida ularni tashvishga solayotgan muammolarini tingladilar va ularni bartaraf etish borasida takliflar bildirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri