Laborant ishga qayta tiklandi

Fuqaro T.G. “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Xo‘jayli tuman filialida ishlab yurib, rahbariyat bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab 2024 yilning 18 sentyabr kuni asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan.
Adolatni tiklash maqsadida u fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman sudiga ishiga tiklab berishni so‘rab murojaat qilgan. Sud uning da’vosini to‘liq qanoatlantirib, ishga tiklash haqida qaror qabul qilgan.
Ushbu qaror bo‘yicha 2024 yil 20 dekabr kuni chiqarilgan ijro varaqasi asosida da’vogar T.G.ni “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Xo‘jayli tuman filiali laboranti lavozimiga 2024 yil 18 sentyabrdan ishga qayta tiklash belgilangan.
Ushbu ijro varaqasi Majburiy ijro byurosi Taxtako‘pir tuman bo‘limiga joriy yil 7 fevralda kelib tushib, ijro harakatiga kirishilgan. Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi shu kunning o‘zida javobgar tashkilot rahbariyatiga sud qarori ijrosi ta’minlanishi shartligi, aks holda ularga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirish berilgan.
Shuning natijasida, da’vogar G.Utepbergenova “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktorining 2025 yil 7 fevraldagi buyrug‘i asosida o‘zining avvalgi ish o‘rniga qayta ishga tiklandi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri