Buyuk shoir va sarkardaga ehtirom

138

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunining 542 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda buyuk shoir va sarkarda Boburning adabiy, ilmiy va siyosiy faoliyati, uning insoniyat tarixidagi o‘rni, shuningdek, o‘zbek xalqining ma’naviy va madaniy merosidagi beqiyos hissasi haqida so‘z yuritildi.

Talabalar tomonidan Bobur g‘azallari ijro etildi.  Buyuk shoirning adabiyotga qo‘shgan hissasi, ayniqsa, g‘azallarining falsafiy chuqurligi va poetik go‘zalligi haqida fikrlar bildirildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni Bobur merosi bilan tanishtirish, uning ijodiy faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va buyuk shoirning bilim va tajribasini kelajak avlodga yetkazishdir.

Ta’kidlanganidek, u ilm-fan va san’atning bir nechta jabhalarida to‘plagan bilimlarini va tajribasini o‘zi asos solgan davlatning taraqqiyotiga sarfladi. Bu esa uning nafaqat shoir, balki  buyuk tarixiy shaxs va davlat arbobi  sifatidagi ko‘rinishini ta’minladi. Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari Bobur ijodining bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligini ta’kidlashdi. Uning asarlari nafaqat o‘zbek adabiyotining, balki butun jahon adabiyotining ajralmas qismi sifatida qadrlanadi.

Tadbir Bobur merosining yangi avlodlar orasida yanada kengroq targ‘ib qilinishi, uning asarlarini zamonaviy talqinlarda o‘rganish va uning ilmiy va adabiy yutuqlarini xalqaro miqyosda namoyish etish yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri