Rubio AQSH Rossiyaga qarshi sanksiya saqlanib qolishini aytdi

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashingtonning yevropalik ittifoqchilariga Prezident Donald Tramp ma’muriyati, hech bo‘lmaganda RF – Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha kelishuvga erishilgunga qadar, Rossiyaga qarshi sanksiyani saqlab qolishini aytgan. Bu haqda “Blumberg” agentligi xabar tarqatgan.
Nashr ta’kidlashicha, Rubio bu rejani seshanba kuni yevropalik hamkasblari bilan telefon suhbati chog‘ida oshkor qilgan. So‘zlashuv Ar-Riyodda Rossiya vakillari bilan kechgan muzokaradan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
4 yarim soat davom etgan AQSH – RF muloqotida ikki tomonlama munosabat, Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish va davlat rahbarlari uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp mazkur uchrashuvni “juda yaxshi” baholagan va Rossiya – Ukraina ziddiyatini bartaraf qilish to‘g‘risida kelishuvga erishish mumkinligiga “ishonchi yanada ortganini” bildirgan.
AQSH va Rossiya yetakchilari o‘tgan hafta telefon orqali muloqot qilib, o‘zaro fuqarolarni almashish, shuningdek Ukrainaga qarshi harbiy harakatni to‘xtatish mavzularini muhokama qilgan edi. Suhbatdan so‘ng na Kreml va na Oq uy bo‘lajak muzokarada Yevropa yoki Ukrainaning ishtirokiga to‘xtalmagan.