YeCHL: Abduqodir Husanov va uning jamoasi Madrid shahrida

298

Bugun tunda Yevropa chempionlar ligasining pley-off bosqichidan o‘rin olgan javob uchrashuvlari tashkil etildi.

“Milan” – “Feyenoord” klublari o‘rtasidagi javob o‘yinida 1:1 hisobi qayd etildi. “Feyenoord” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Javob o‘yinlarining eng qiziqarlisi “Atalanta” – “Bryugge”  jamoalari o‘rtasida kechdi. Uchrashuvda mehmonlar safida Talbi dubl qayd etdi, Yutgla ham nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Mezbonlar vakili Lukman yagona gol bilan javob qaytardi. Natijada “Bryugge” safarda 3:1 hisobida zafar quchdi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:2 hisobidagi g‘alaba bilan pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi.

Chempionlar ligasining pley-offida “Benfika” o‘z maydonida “Monako” bilan o‘ynadi va ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mazkur o‘yin jangovar 3:3 hisobi bilan yakunlandi. Jamoalarning ilk bahsida “Benfika” safarda 1:0 hisobida zafar quchgani bois, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobida muvaffaqiyat qozondi.

“Bavariya” o‘z maydonida “Seltik” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvning 63-daqiqasida mehmon jamoa vakili Kyun hisobni ochgan bo‘lsa, 90+4-daqiqada Devis gol urib, hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan Kompani shogirdlari  musobaqadagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.

Bugun, 19 fevral kuni “Borussiya D” – “Sporting”, “Real Madrid” – “Manchester Siti”, “PSV” – “Yuventus”, “PSJ” – “Brest” klublari o‘rtasida pley-offning javob o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbek futbol muxlislari uchun eng muhimi, shubhasiz “Real Madrid” va “Manchester Siti” klublari bahsidir. Chunki, “Manchester Siti”ning Yevropa chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi ushbu javob uchrashuvida hamyurtimiz Abduqodir Husanovning maydonga tushish ehtimoli yuqori.

Manchesterlik futbol ishqibozlari ham klubning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali Xosep Gvardioladan bo‘lajak bahsda o‘zbek o‘g‘lonini boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirishni so‘rayapti. Ular o‘zbek futbolchisi raqibning eng xavfli hujumchisi Vinisius Juniorni to‘xtatishga qodir, deb hisoblamoqda.

Jamoa rahbariyati ham Abduqodir Husanov yangi Shengen vizasini Gretsiya orqali olgani bois, Ispaniya chegarasida muammo bo‘lmasligi uchun futbolchiga alohida samolyot ajratdi va samolyot “Manchester – Afina – Madrid” yo‘nalishida parvozni amalga oshirdi.

Buning barchasi Abduqodir Husanovga bo‘lgan katta ishonchdir. Umid qilamizki, Madridda o‘tadigan uchrashuvda futbolchimiz asosiy tarkibda maydonga tushadi va ishonchli o‘yin o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA